BOYO’G’LILAR



BOYO’G’LILAR, boyqushlar (Athene) — yapaloqqushlar oilasiga mansub tungi yirtqich qushlar urug’i. Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrikada tarqalgan, 20 tacha turi bor. O’zbekistonda bir turi — uy boyo’g’lisi (A. noctua) uchraydi. Oyoqlari kuchli va paxmoq, tumshug’i qayrilgan, pati mayin, tovushsiz uchib kelib, o’ljasini tutib oladi. Ko’zlari o’tkirligidan salgina yorug’ni ham sezadi. Xira kulrang pati qorong’ida ko’zga chalinmaydi. Boyo’g’lilarning bu turi Yevropa, shimoliy Afrika, Osiyoda ham tarqalgan. Uni dasht va cho’llarda, xaroba va qabristonlarda uchratish mumkin. Nari bilan modasi faqat urchish davrida birga yashaydi. Bahorda (urchiydigan vaqtda) kechalari, ba’zan kunduzi ham sayraydi. Ovozi yig’lagan bolaning tovushini eslatadi. Uyasini turli kovaklarga quradi. 4-9 ta tuxum qo’yadi. Tuxumdan bir oyda jo’ja chiqadi. Boyo’g’lilar mayda kemiruvchilar, kaltakesaklar, hasharotlar va kichik qushlar bilan oziqlanadi. Zararkunanda kemiruvchilarni qirib, xo’jalikka foyda keltiradi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz