Boymirza Hayit
Boymirza Hayit Mahmudmirza oʻgʻli (1917-yil 17-dekabr, Jarqoʻrgʻon qishlogʻi, Namangan uyezdi, Fargʻona viloyati, Turkiston muxtoriyati, Rossiya imperiyasi — 2006-yil 31-oktabr, Köln, Germaniya) — Turkiston va Oʻrta Osiyo boʻyicha tarixchi va sharqshunos olim.
Tarjimai holi
Erta hayot
Boymirza Hayit 1917-yil 17-dekabrda Namangan uyezdining Jarqoʻrgʻon qishlogʻidagi oʻzbek oilasida tugʻilgan. Boymirza onasi Robiya Hayit va otasi Mirza Mahmudmirza oʻgʻli tomonidan tarbiyalangan toʻqqizta farzanddan bittasi edi. Oʻsmirligidayoq Boymirza adabiyot va sanʼatga qiziqqan. 30-chi yillardagi qiyinchiliklarga qaramasdan 1939-yilda Toshkent Davlat Universitetining tarix fakultetini tugatgan.
Harbiy faoliyat
Oʻsha yiliyoq qizil armiyaga chaqirilgan va 1939-yilning dekabr oyida Namanganni tark etib, tank komandiri unvonida qizil qoʻshinlarning Polsha yurishida qatnashgan. Keyinchalik leytenant darajasiga koʻtarilgan.
1941-yili, Germaniya Sovet Ittifoqiga hujum qilganidan 10 kun oʻtgach, Belarus hududida nemislarga asirlikka tushgan. Hayitning iddaosiga koʻra, uni asirlar lageridan Mustafo Choʻqayning oʻzi olib ketgan. Keyinchalik Boymirza Hayit Turkiston legionida zobit boʻlib xizmat qilgan.
Urushdan keyingi faoliyati
Urush tugashidan keyin u Gʻarbiy Germaniyada qolgan va Myunster Universitetini bitirib, shu universitetda tarix, sharqshunoslik va islomshunoslikdan dars bergan. Bundan boshlab, u oʻzining vatani — Turkistonnig tarixi va adabiyoti boʻyicha chuqur ilmiy izlanishlar boshlagan.1950-yili Turkiston Muxtoriyati va Alash Oʻrda mavzusidagi dissertatsiyani himoya qilib, falsafa fanlari doktori ilmiy darajasiga erishgan. Oʻsha yiliyoq u Kyoln shahridan boʻlgan Rut ismli yosh shifokorga uylangan. Ular ikkita oʻgʻil — Ertay va Mirzo hamda bitta qiz — Dilbar koʻrgan. 1950-yildan umrining oxirigacha Boymirza Hayit nemis, ingliz va turk tillarida oʻnlab maqolalar va Turkiston tarixiga oid 15 kitob yozgan.
Hayit dunyoning bir nechta universitetida dars bergan. U London universitetida assistent, Harvard, Anqaradagi Hajettepe, Istanbul universiteti va Istanbuldagi Marmara universitetlarida maʼruzachi boʻlib ishlagan.
Hayit Sovet Ittifoqi va Xitoy tomonidan bosib olingan Oʻrta Osiyo qismining mustaqilligi va birligi tarafdori edi. U Turkiston tarixini keng miqiyosda yoritgan kamdan kam tarixchilardan biridir. 2004-yilda Istanbul Texnika Universiteti oldidagi xizmatlari uchun unga faxriy doktor unvoni berilgan.
2006-yil 31-oktabrda Kyoln shahrida, 88 yoshda olamdan oʻtgan.
Ayrim chop etilgan ishlarining roʻyxati
Kitoblar
Maqolalar
Manbalar
uz.wikipedia.org