BOYMATOV G’AYRAT ZUHRIDDINOVICH
BOYMATOV G’AYRAT ZUHRIDDINOVICH (1946.26.2, Toshkent) — grafik rassom, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1989). Respublika rassomlik bilim yurtini (1966) va Xarkov badiiy sanoat institutini (1971) tugatgan. Boymatov ijodiga badiiy jo’shqinlik, ramziy tasviriy yechim va vositalar, o’z g’oyasini turkum lavhalarda (asosan, akvarelda) yaratish xos. Asarlarida milliy madaniy meros (urf odatlar, hunarmandlik. tomosha san’ati, an’anaviy turmush tarzi)ni, qadrdon o’lkaning go’zal va betakror tabiatini, unga bog’liq muammolarni yorqin lavhalarda aks ettiradi. Muhim asarlari: “O’zbekiston manzaralari” (1986), “Qora qo’g’irchoqlar” (1986), “Vizantiya ko’rinishlari” (1989), “O’rta Osiyoning qadimgi tangalari” (1995— 97) turkumlari; aralash texnikada ishlangan “O’limdan so’ng o’zga qiyofada dunyoga kelish”, “Zinapoyadan yuqoriga intilish”, “Sayyoralar”, “Rangdor tushlar” (1992); “Tush”, “qora quti”, “Insonning yetti gunohi” to’rtligi (1995-97) va boshqalar.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz