BOYMATOV ABDUMO’MIN
BOYMATOV ABDUMO’MIN (1931.1.1, Farg’ona) — haykaltarosh, O’zbekiston xalq rassomi (1989). Respublika rassomlik bilim yurtini (1959) va Leningrad (hozirgi Sankt Peterburg) rassomlik, haykaltaroshlik va me’morlik institutini (1965) tugatgan. Toshkent pedagogika instituti (1966-85) va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti (1978-98)da dars bergan. Boymatov Dastgohli va mahobatli haykaltaroshlikda ijod qiladi, portret ustasi. Ijodiga akademik san’atga xos badiiylik, mahorat, shakl pishiqligi va yaxlitligi, ulug’vorlik ruhi xos. Muhim asarlari: “Qoraqumda” (gips, 1964), “Karnay” (bronza, 1964), “Abu Ali ibn Sino” (yog’och, 1967), “Fidoyi” (yog’ochgranit, 1972), “Al Xorazmiy” (yog’och, 1972), “Al Forobiy” (gips, 1974), “Shahid ketganlar xotirasiga” (bronza, 1977), “Baxmal qizi” (yog’och, 1977), “Furqat va Muqimiy” (bronza, 1983), “Umar Xayyom” (gips, 1983), “Alisher Navoiy” (bronza, 1991) va boshqalar; “Pop tumani askarlariga” (qizil tuf, 1970) va “Quva tumani askarlariga” (granit, bronza, 1987) va boshqa mahobatli yodgorliklar muallifi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz