BOYLAM



BOYLAM, boylamlar — suyaklarni bir-biriga biriktirib yoki ichki a’zolar (jigar, taloq, bachadon)ni ushlab turadigan pishiq biriktiruvchi to’qimadan iborat tuzilma. Boylam bo’g’imlarda yaxshi rivojlangan bo’lib, turli harakatlar qilishga imkon beradi. Ular bukiluvchan, cho’ziluvchan, taranglanuvchan bo’ladi. Boylam joylashgan o’rni va bajaradigan vazifasiga ko’ra tasmasimon, yumaloq, plastinkasimon va pardasimon bo’lishi mumkin. Boylamlar g’altaksimon bo’g’imlarda pishiqroq bo’lib, suyaklarning faqat bukilish va yozilishiga imkon beradi, sharsimon bo’g’imlarni esa bo’g’im yuzasidan chiqmasligini ta’minlaydi. Bolalarda Boylam nihoyatda elastik; yosh ulg’aygan sari Boylamning bu xossasi kamayib boradi, ba’zan Boylamga ohak yig’ilishi va hatto qotib qolishi mumkin. Boylamning cho’zilishi yoki uzilishi kabi shikastlanishlar uchrab turadi, bunda zudlik bilan vrachga murojaat qilish zarur; vrach kelguncha shikastlangan Boylamni qattiq qilib bintlash va qimirlatmaslik lozim.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz