BO’YINCHA



BO’YINCHA 1) otulov abzali. Ish hayvoni (masalan, ot)ni aravaga, juvozga, qo’shga qo’shganda ot bo’yniga kiydirib qo’yiladigan Abzal. Bo’yincha xomutini ko’tarib turgani uchun uning ot bo’ynini qisishi yoki og’ritishidan saqlaydi, otning aravani tortishiga qulaylik tug’diradi. Bo’yincha tayyorlash usuli: qo’g’a (ichi g’ovak va yumshoq o’simlik)ni namlab, bir-biriga o’rab, chala Bo’yincha shakliga keltiriladi. Buni takbas (takbas tortish) deyiladi. Takbasning sirtiga qo’g’a rezgilar qo’yilib, ustidan yana qo’g’a o’raladi. Bu ish yuz o’rash deb yuritiladi. So’ng ustidan avra (teridan) va astar (kigizdan) qoplanadi. Bo’yinchaning pastki qismi (2 uchi) kallak deyiladi. Ot aravaga qo’shilganda 2 kallakni bo’yincha bogi bilan siqib bog’lab qo’yiladi. Bo’yinchaning ot bo’ynida turadigan qismi kipt (o’zak), kallak va kipt oralig’i chig’anoq deyiladi. Bo’yincha 2 xil: a) yumaloq (yorma) Bo’yincha (bu qadimiy bo’lib, og’ir bo’lgani sababli 20-asr birinchi choragidan boshlab ishlatilmaydi); b) kuchan Bo’yincha (bu ixcham va yengil bo’lib, hozir ham ishlatiladi); 2) kulolchilikdagi naqsh turi. Bu naqsh to’g’ri, so’ngra arra-arra chiziqli, so’ng yana to’g’ri hamda arraarra chiziqli (shu tariqa ikki tomondan muvoziy davom etadigan) shakllardan iborat. Arra chiziqlar bir-biriga ketma-ket kelib, sirtidan qaraganda Bo’yincha shakliga o’xshaydi. Bo’yincha naqsh o’zbek kulolchiligida qo’llaniladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz