Bo‘yiga yetish




BALOGʻATGA YETISH , balogʻat , rasida (rasta) boʻlish , boʻyiga yetish — organizmning bir qancha anatomik va fiziologik oʻzgarishlar natijasida biologik jihatdan sekin-asta voyaga yetishi hamda jinsiy jihatdan yetilib, koʻpayishga, yaʼni naslni davom ettirishga layoqatli boʻlib qolishi. Qizlar oʻgʻil bolalarga nisbatan ertaroq balogʻatga yetadi. Qizlarda bu davr aksari 12 — 14 yoshdan 16 — 18 yoshgacha, oʻgʻil bolalarda 13 — 15 yoshdan 16 — 20 yoshgacha davom etadi. Balogʻatga yetish muddati oʻsmirning irsiy xususiyatlariga, sogʻligʻiga, ovqatiga, shuningdek hayot tarzi (maishiy, ijtimoiy-iqtisodiy) va iqlim sharoitlariga bogʻliq. Turli noxush omillar: ogʻir kasalliklar, yolchib ovqatlanmaslik va boshqa odatda jismoniy va ruhiy rivojlanishning kechikishiga sabab boʻladi. Nimjon, kasalmand bolalar sogʻlom bolalarga nisbatan kechroq balogʻatga yetadi. Kech yoki erta Balogʻatga yetish jinsiy bezlar, buyrak usti bezlari va gipofiz funksiyasining buzilishiga aloqador boʻlishi mumkin. Balogʻatga yetish davrida jinsiy instinkt ancha tez shakllanadi. Qizlar hayz koʻradi, bolalarda ixtilom (pollyutsiya) kuzatiladi, shuningdek organizmda chuqur oʻzgarishlar roʻy beradi: oʻsmirning boʻyi choʻzilib, ikkilamchi jinsiy belgilari paydo boʻladi; oʻgʻil bolalarda soqol-moʻylov koʻrinib, ovozi doʻrillab qoladi, qizlarning badani yumaloq tortib, birinchi galda soni va dumbasida yogʻ toʻplanib boradi, sut bezlari kattalashib, chanoq suyaklari eniga kengayadi. Qonda jinsiy gormonlar koʻpayib, bir jins ikkinchi jinsga koʻproq eʼtibor bera boshlaydi. Balogʻatga yetish davrida oʻsmirning psixikasi ham oʻzgarib, nerv tizimining faoliyatida bir qator oʻzgarishlar roʻy beradi. Gormonlar, avvalo jinsiy bezlar (moyak, tuxumdon) gormonlari Balogʻatga yetishda muhim ahamiyatga ega.

Balogʻatga yetishda jismoniy rivojlanishning eʼtiborli xususiyatlaridan biri tana qismlari nisbati, yaʼni proporsiyasining vaqtincha buzilishidir. Qoʻl-oyoqlar tanaga nisbatan koʻproq oʻsadi, shu sababdan harakatlari qoʻpolroq, kelishmagan boʻlib qoladi. Oʻgʻil bolalarda muskul kuchi zoʻr berib ortib boradi, muskullar massasi kattalashadi.

Rastalik davrida oʻsmirlar organizmining rivojlanib borishida boʻladigan xususiyatlar haqida otaonalar va pedagoglar oʻsmirlarga toʻgʻri maʼlumot berishlari kerak, bu esa baʼzi yigit-qizlarning behuda qoʻrqishi va asabiylashishining oldini oladi. Balogʻatga yetish davrida oʻsmirning jismoniy jihatdan toʻgʻri rivojlanishi ham katta ahamiyatga ega. Buning uchun bekamu koʻst ovqatlanish, shuningdek sport va jismoniy mashqlar bilan shugʻullanib turishga alohida eʼtibor berish zarur.

Adabiyotlar





uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz