Boygʻundi




Boygʻundi (ruscha: Байгунды) — Oʻzbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati Koson tumaniga qarashli shaharcha. 2009-yil 13-martda Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan shaharcha maqomi berilgan.

Etimologiyasi



Boygʻundi bu mangʻitlarning bir urugʻi hisoblnadi. Baʼzida ularni boygʻundi mangʻit deb ham atashadi. Mahalliy yerlik aholi bu soʻzni boy qoʻndi yaʼni boy qoʻnish qildi, qoʻrgʻon qurdi maʼnosida talqin qilishadi. Shuningdek, boygʻundi bu tarixiy turkiy xunn xalqi nomi bilan aloqador boʻlgan etnonim hamdir. Etnonim tarkibidagi boy soʻzi qudratli, kuchli, ulugʻvor; ulkan va yoki yuksak maʼnosida qoʻllaniladi. Shuningdek u totem vazifasini bajargan yoki jamoadagi totem boʻlgan qushning nomi boʻlgan, yaʼni aholi shu totemga sigʻinishgan. Bunda eng yaqin maʼnoli jonivor bu boy qushi. Lekin soʻzning keyingi qismidagi gʻundi, qundi, xundi, gʻunli, qunli va xunli shakllari maʼnosi aniqlanmagan.

Oʻxshash nomlar



Qarshi tumanida Boygʻundi nomli qishloq, Kasbi tumanida esa ayni shu nomdagi mahalla mavjud.

Joylashuvi



Boygʻundi shaharchasi Qashqadaryo viloyati Koson tumanining janubi-gʻarbiy qismida joylashgan. Shaharcha hududidan E 60 avtomagistral yoʻli oʻtadi. Boygʻundi shaharchasiga eng yaqin aholi yashash punktlari shimolda Puduna va Mudin, gʻarbda Quyi-Obron shaharchalaridir. Shaharchaning eng mashxur qismi bu mol bozori boʻlib, vohaning turli tomonlaridan ayni shu bozor uchun tashrif buyurishadi.
Shaharchaning asosiy qismi choʻl zonasida joylashganligi uchun hududda boshqa ahamiyatli obyektlar mavjud emas.

Aholisi



1-yanvar 2013-yilgi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, Boygʻundi shaharchasida 3895 dan ortiq inson yashagan. 2016-yildagi qayta hisob-kitob natijasiga koʻra bu koʻrsatkich 4100 dan ortiqni tashkil etgan.

Mahalliy aholining asosiy qismini oʻzbeklar tashkil etadi. Shuningdek, shaharchada tojik, qozoq, qoraqalpoq, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi.

Iqlimi



Boygʻundi shaharchasining iqlimi keskin kontinental boʻlib, yozi quruq va issiq, qishi yogʻingarchiliksiz va izgʻirinli kechadi. Orografik toʻsiqlar mavjud emasligi sababli sovuq havo oqimlari, asosan, qish oylarida hududning shimoli-sharq tomondan kirib keladi.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz