BOYGALAR



BOYGALAR (Boiga) — ilonlarning bir urug’i, suvilonsimonlar oilasiga kiradi. Uzunligi 2 metrcha. Tropik Afrika, Janubiy Osiyo, Avstraliya va Polineziyada tarqalgan. 30 ga yaqin turi bor. O’zbekistonning Janubda, Tojikiston va Turkmaniston dashtlarida uzunligi 1 metr keladigan hind boygasi (V. trigonatum) uchraydi. Boygalarning tanasi ingichka, chiroyli, boshi katta, tanasidan ajralib turadi, ko’zlari yirik. Boygalar tungi hayvon bo’lganligidan ko’z qorachiqlari tikka joylashgan. Aksari daraxt va butaning shoxlarida yashaydi. Boygalar tishlog’ich, uning yuqori jag’i orqasida zahar tishlarga o’xshaydigan, ya’ni oldingi tomonida ariqchasi bo’lgan 2-3 katta tishi bor. Chaqishi odam uchun zararsiz. Chaqish oldidan ular xuddi kapcha ilonlar (kobra)ga o’xshash boshi va ko’kragini yerdan g’oz ko’tarib, bo’ynini shishirgan holda pishqirib, sekin asta chayqaladi va og’zini katta ochib, o’ljaga tashlanadi. Boygalar kaltakesak, mayda umurtqalilar bilan oziqlanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz