Boychechak
Boychechak (Gagea stipitata) — piyozdoshlar oilasiga mansub koʻp yillik oʻt. Boʻyi 7—20 sm. Ildiz boʻgʻzi bargi bitta, ipsimon, yashil, tuksiz, uzunligi oʻsimlikning boʻyiga teng keladi. Poya barglari navbat bilan joylashgan, pastkilari qalami yoki qalaminashtarsimon, poyani bir oz oʻrab turadi. Gulqoʻrgʻoni 6 ta, oddiy tojsimon, tutashmagan, sargʻish, 5–7 mm uzunlikdagi gulbarglardan tashkil topgan. Changchisi 6 ta, gulqoʻrgʻoniga nisbatan sal qisqa. Tugunchasi 3 uyali. Koʻsakchasi bandchali, gulqoʻrgʻondan 1,5 baravar qisqa. B. bahor darakchilaridan biri. Fev.—mart oylarida gullab, meva beradi. Choʻl va adirlarning soz tuproq, qumloq hamda toshloq tuprokli yerlarida oʻsadi. B. Afgʻoniston va Eronda ham uchraydi. Oʻzbekistonning ayrim joylarida zaʼfaron (Crocus alatavicus) va savrinjon (Colchicum luteum)ni ham B. deb atashadi.
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org