BO’YASH



BO’YASH — 1) tolali materiallar (ip, jun, ipak, sun’iy tola va boshqalar) yoki ulardan tayyorlangan buyumlar (gazlama, kalava) ga rang berish. Bo’yash uchun sintetik organik bo’yagichlar, pigmentlar, loklar va boshqa moddalar ishlatiladi. Bo’yagichlar va bo’yaluvchi materialning kimyoviy xossalariga qarab har xil Bo’yash usullari qo’llaniladi. Ipak kislota xossalariga ega bo’lganidan asosli bo’yagichlar bilan bo’yaladi. Jun asos xossalariga ega bo’lgani uchun uni bo’yashda kislotali (nordon) bo’yagichlar ishlatiladi. Ip, jun, ipak va boshqa ba’zi tolalarni bo’yash uchun ular bo’yagichlarning suvdagi eritmalariga ma’lum vaqt solib qo’yiladi. Temperaturani oshirish (masalan, qaynatish) Bo’yash jarayonini tezlatadi; 2) turli sirtlarga (devorlar, tunuka tomlar, pollar, derazaeshiklar, metall buyumlar va boshqalarga) bo’yoq surkash. Bo’yoq sirtga purkagichlar, Bo’yash apparatlari bilan purkaladi, qilli cho’tkalar, rezina roliklar bilan surkaladi. Bo’yaladigan sirtlarning xiliga (tunuka tom, pol, deraza va boshqalar), joyiga (ochiq havoda, xona ichida joylashganiga), materialiga (metallar, yog’och va boshqalar) qarab turli tarkibli bo’yoqlar ishlatiladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi



Uzpedia.uz