BOY QABR



BOY QABR (Tolstaya Mogila) skiflar qo’rg’oni (miloddan avvalgi 4-asr). Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyati Orjonikidze shahri yaqinida joylashgan. 1971 yil B. N. Mozolevskiy tomonidan tadqiq etilgan. Qo’rg’on tagida 2 ta maqbara ochilgan. Ulardan biri (yonboshdagisi) dan aslzoda ayol va uning go’dagining suyak qoldiqlari topilgan. Ular sernaqsh, zarbof liboslar bilan hamda 4 ta xizmatkor hamrohligida dafn etilgan. Markaziy maqbara (talontaroj etilgan) ga esa skiflarning oliy zodagoni dafn qilingan. Dafn anjomlari orasida qurolyarog’, idishlar, 600 ga yaqin bezak buyumlar saqlanib qolgan. Ko’krakka taqiladigan oltin bezak — pectoral o’zining yuksak badiiy ishlovi bilan alohida qimmatga ega. Maqbara yonida 3 otboqar, 7 ot tilla egarjabduqlari bilan dafn etilgan. Topilmalar Kiyevdagi Ukraina tarixiy qadriyatlar muzeyida saqlanmoqda.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz