BO’XCHA YASAR QO’NG’IZLAR



BO’XCHA YASAR QO’NG’IZLAR (Scarabaeus) — plastinka mo’ylovli qo’ng’izlar urug’i. Uzunligi 20-40 millimetr, tanasi keng va qora, oldingi oyoqlari panjasi va bosh qalqoni tishli. O’rta dengiz havzasi, Janubiy Yevropa, G’arbiy va Markaziy Osiyoda tarqalgan. Qo’ng’izlar va qurtlari go’ng bilan oziqlanadi. Buning uchun qo’ng’iz go’ngdan shar (bo’xcha) yasab oladi, uni tuproqqa ko’mib nok shakliga keltiradi. Sharning ingichka uchiga tuxum qo’yadi. Tuxumdan chiqqan qurti go’ng bilan oziqlanib voyaga yetadi. Bo’xcha yasar qo’ng’izlar orasida avliyo skarabiy (S. sacer) keng tarqalgan, uzunligi 21-37 millimetr. Qadimgi misrliklar bu qo’ng’izning toshga tushirilgan tasviriga ixlos qilishgan. Qo’ng’izni quyosh xudosiga o’xshatishgan, uni go’ngdan shar yasab dumalatishini Quyoshni samo bo’ylab harakatlanishining cheksizligiga, qo’ng’iz boshidagi tishchalarini quyoshning nur tarqatishiga qiyos qilishgan. Bo’xcha yasar qo’ng’izlar tabiiy sanitarlar hisoblanadi. Markaziy Osiyo dasht va cho’llarida yirik Bo’xcha yasar qo’ng’izlar. S. transcavcasus, S. acuticollis tarqalgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz