BOTULIZM



BOTULIZM (lotincha botulus — kolbasa) — odam va hayvonlar (ayrim sut emizuvchilar)da uchraydigan o’tkir yuqumli kasallik; ovqatdan bo’ladigan toksikoinfektsiyalar guruhiga kiradi. Botulizm (Clostridium botulinum) bakteriyalari bilan ifloslangan ovqatlar iste’mol qilinganda yuzaga keladi. Botulizm qo’zg’atuvchilari tabiatda keng tarqalgan bo’lib, chidamli (sporali) va chidamsiz (vegetativ) xillari uchraydi. Sporalari tashqi muhitda yillab saqlanishi mumkin; sporalar tuproqdan suv, meva, sabzavot, oziq-ovqat, yem-xashakka o’tadi, keyin odam va hayvonlar ichagiga tushib, so’ngra najas bilan yer yuziga tarqaladi. Botulizm mikrobi faqat anaerob (havosiz) sharoitda rivojlanadi. Shu sababdan konserva qilingan, tuzlangan, dudlangan mahsulotlar va kolbasaga tushib kalgan sporalar anaerob sharoitda o’sib, vegetativ shakl (bakteriyalar)ga aylanadi. Ular ana shu sharoitda kuchli zahar (ekzotoksin) hosil qiladi. Bu mahsulotni iste’mol qilgan odam kasal bo’ladi. B. Botulizm toksini ichakda tez so’riladi, qonga o’tadi va butun organizmga tarqalib, asosan nerv sistemasini zararlaydi. Kasallik to’satdan boshlanadi. Bemorning boshn og’riydi, tinkasi quriydi, ko’zi tinadi, lohaslanadi, ko’ngli aynib qusadi, uyqusi qochadi, qorni og’riydi, og’zi quriydi, tashna bo’ladi; ko’pincha qabziyat kuzatiladi. Keyinchalik boshi aylanadi, ko’z xiralashadi, qovoqlar salqiydi, bemor ravon gapira olmaydi yutish, nafas olish faoliyati buziladi; yurak va nafas markazlari falajlanishi tufayli o’lim sodir bo’lishi mumkin. Bemor faqat kasalxonada davolanadi. Zamonaviy davo usullari: Botulizmga qarshi zardob, sun’iy nafas oldirish apparatlarini o’z vaqtida qo’llash yaxshi naf beradi. Kasallikning oldini olish uchun konserva tayyorlash qonunqoidalariga qat’iy amal qilish, uy sharoitida konserva va oziq-ovqat tayyorlashda sanitariya talablarini o’rniga qo’yish talab etiladi. Davosi: Botulizmga qarshi maxsus zardob yuboriladi; zond orqali me’dani yuviladi, huqna qilinadi, yurak dorilari beriladi, nafas olish izdan chiqqanda sun’iy nafas oldiriladi va boshqalar. Hayvonlarda Botulizm ozuqa (buzilgan silos, kepak va b.)dan zaharlanishdir. Aksariyat ot, qoramol, parranda va norkalar kasallanadi. Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 10— 12 kungacha. Kasal hayvonning Markaziy nerv sistemasi zararlanadi, hiqildoq, til va pastki jag’lar falajlanadi, burnidan shilimshiq oqadi, suv yuta olmaydi. Kasallangan hayvonlarning 70-95% halok bo’ladi. Kasal hayvon go’shtini iste’mol qilish man etiladi (go’shti va terisi kuydirib tashlanadi). Davosi: kasal hayvonning me’dasi yuviladi, surgi dorilar (arekalin, pilokarpin, ezerin) beriladi, iliq huqna qilinadi. Botulizmga qarshi maxsus zardob yuboriladi. Kasallikning oldini olish uchun mollarga sifatsiz emxashak bermaslik, kasallik chiqqan hollarda sog’lom mollarni ham Botulizmga qarshi zardob bilan emlash lozim. Ad.: Shovahobov Sh., Yuqumli kasalliklar va epidemiologiya asoslari, T., 1997; Shopo’latov J., Veterinariya asoslari, T., 1993. Shonosir Shovahobov, Po’lat Mo’minov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz