BOTQOQLANISH



BOTQOQLANISH, tuproq botqoqlanishi — tuproqning yer usti yoki grunt suvlari bilan ortiqcha namlanishi natijasida paydo bo’ladigan jarayon. Bunda tuproqda anaerob sharoit vujudga keladi, gleylanish belgilari ro’y beradi, yarim chirigan o’simlik qrldiklari yig’ilib boradi, suvhavo rejimi o’zgaradi. Asosan, ATM. yog’inlari bug’lanishdan ustun bo’lgan zonalarda tarqalgan. Arid zonada Botqoqlanish sof holda kam uchraydi; aksariyat tuproq sho’rlanishi bilan birga yuz beradi, natijada ekinlar yaxshi rivojlanmaydi va nobud bo’ladi. Botqoqlanish tabiiy va sun’iy sabablarga ko’ra yuz beradi. Tabiiy sabablar: grunt suvlarining oqib ketishini qiyinlashtiradigan relef xususiyatlari va geologik gidrogeologik sharoitlar (masalan, Farg’ona, Surxon Sherobod vodiylaridagi quyi terrasalar, tekis hudud va botiqdardagi daryolarning qayir terrasalari); toshqinlar natijasida erlarni suv bosishi; suvning daryo va qo’llardan sizishi va shu kabilar; insonning xo’jalik faoliyati bilan bog’liq bo’lgan sun’iy sabablar — grunt suvlarining oqib ketishi tabiiy qiyin bo’lgan yerlarni drenajlar qurmasdan sug’orish; sugorish va sho’r yuvishda me’yordan ortiqcha suv berish; kanal va suv omborlaridan siziladigan suvlar hisobiga yerlarni muntazam zax bosishi, yer usti suvi oqimlarining tartibga solinmaganligi; sug’orish va kollektordrenaj tarmoqlarining qoniqarsiz holati va boshqalar. O’rta Osiyoning sug’oriladigan zonalarida yerlarning katta qismi (deyarli 35-50%) da u yoki bu darajada Botqoqlanish xavfi mavjud. Yerlarni Botqoqlanishdan saqlash maqsadida kollektordrenaj tarmog’i quriladi. Botqoqlanishga qarshi kurashish uchun agrotexnik, meliorativ va ekspluatatsion kompleks chora-tadbirlar o’tkaziladi, ya’ni daraxtzorlar barpo etiladi, ko’p yillik o’tlar bilan almashlab ekish joriy qilinadi; sug’oriladigan maydonlar toshqin va muz tikinlari davrlarida suv bosishdan saqlanadi, sho’r yerlarni yuvish texnologiyasiga rioya qilinadi; drenaj va suv tashlash tarmoqlarining optimal zichligi ta’minlanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz