BOTQOQI-O’TLOQI TUPROQ



BOTQOQI-O’TLOQI TUPROQ — O’zbekistonning sur tuproq mintaqasi va sahro zonasida tarqalgan tuproq. Sirdaryo, Amudaryo, Zarafshon, Chirchiq, Surxon va boshqa daryo vodiylarida hamda Sux, Isfara, Margilonsoy, Aravonsoy, Oqbo’ra kabi soy va kichik daryolarning qayirlaridagi pastqam joylarda, ya’ni yer osti suvi yuza joylashgan qismida uchraydi. Bu pastqamliklar odatda mexanik tarkibi jihatdan ancha og’ir yotqiziqlardan iborat. Ularda botqoqi va O’tloqi tuproqlarning belgilari mujassamlashgani uchun bu tuproqlarga botqoq tuproqlardan o’tloqi tuproqlarga o’tuvchi bosqich deb qaraladi, ikki tuproq tipi o’rtasi esa yupqa qatlamcha hisoblanadi. Botqoqi-o’tloqi tuproqning yuqori qavatida o’tloqi tuproqqa xos chim qatlami mavjud. Bu qatlamda gleyli qatlam paydo bo’lish jarayoni ham kechadi. Bu esa botqoq tuproqning belgisidir. Shu ikki xil jarayonning vujudga kelishida yer osti suvi asosiy rol o’ynaydi. Masalan, yer osti suvi yuza joylashgan davrda botqoqi tuproq hosil bo’lish jarayoni, uning sathi pasaygan vaqtda o’tloqi tuproq hosil bulish jarayoni kechadi. Botqoqi-o’tloqi tuproq morfologik belgilari jihatidan qatqatligi, yuqori qatlami yaxshi chimlanganligi va chimlichirindili qatlami hamda uning ostida uchraydigan gleyli qavatning mavjudligi bilan ajraladi. Bu tuproq daryo qayirlarida tarqalgan boshqa tuproklarga nisbatan chirindiga boy. Masalan, chirindi Chirchiq daryosi bo’yida tarqalgan Botqoqi-o’tloqi tuproqning yuqorigi 10 santimetrli qatlamida 5,5% ga yaqin bo’lgani holda, keyingi 10-20 santimetr qatlamida, 1,1% va 35-45 santimetrli qatlamida 0,5% ni tashkil qiladi. Botqoqi-o’tloqi tuproqlarning soz o’tloqi tuproqlardan farqi ham ana shunda. Botqoqi-o’tloqi tuproq respublikadagi ekin ekilayotgan tuproklar ichida eng donador va chirindiga boy, serunum hisoblanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz