BOTQOQ MOSHAGI
BOTQOQ MOSHAGI (Limicola falcineils) — baliqchilar turkumining chuldoqlar oilasiga mansub qush. Bo’yi 9,5—11 santimetr, og’irligi 50 grammcha, boshining ustida to’q qo’ng’ir va ikkita oq yo’li bor. Tanasining orqasidagi patlari qoramtir, chetlari to’q malla, ko’krak va qorin tomoni oq. Botqoq moshagi tundra va o’rmon tundrada yashaydi. Norvegiya, Shvesiya, Finlyandiya va Osiyoning shimoliy qismida uya solib, bola ochadi. Qishlash uchun O’rta dengiz, Janubiy Osiyo va Avstraliyaga uchib ketadi. O’zbekistonda Botqoq moshagini bahor va kuzda ko’l, daryo qirg’oqlarida, suvga yaqin va botqoq yerlarda uchratish mumkin. Botqoq moshagi mayda mollyuskalar, suvda va suv yaqinida yashaydigan hasharotlar va ularning kurtlari bilan oziqlanadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz