BOTIR SRIM QO’ZG’OLONI



BOTIR SRIM QO’ZG’OLONI — Kichik juz qozoqlarining chor hukumati va mahalliy xon zulmiga qarshi ko’targan qo’zg’oloni (1783-97). Rahbari — qozoqlarning boyboqti urug’iga mansub yirik biy Botir Srim (?-1802). Soliqlarning benihoyat oshirilgani, qozoqlarning yer va yaylovlardan foydalanish huquqlarining cheklab qo’yilgani Botir Srim qo’zg’oloniga sabab bo’lgan. Botir Srim qo’zg’oloni dastlabki kunlardayoq umumxalq harakatiga aylandi. 1786 yil Kichik juz xoni Nuralixon taxtdan ag’darilib, Rossiya hukumati panohiga qochdi. 18-asrning 80-yillarida qozoq cho’llarini Rossiya imperiyasiga qo’shib olib, ularni gubernyalarga taqsimlagan holda idora qilishga kirishgan chor hukumati dastlabki vaqtlarda qozoq xonlariga qarshi qaratilgan Botir Srim qo’zg’olonini qo’llab quvvatladi. Maqsadi — qo’zg’olonchilar yordamida xonlikni tugatish edi. Ammo qo’zg’olonchilarning ruscha ma’muriy idoralar ta’sis etilishiga qarshi ekanliklarini bilgach, xon hokimiyatini qayta tikladi. Shunda Botir Srim Rossiyaga qarshi urush e’lon qilib, rus qo’shinlari istehkomlariga hujum qila boshladi. Qo’zg’olonchilar 1797 yil chor hukumati tayinlagan yangi xon esimni o’ldirdilar. Bunga javoban chor hukumati jazo operatsiyalari o’tkazish bilan bir qatorda hiyla nayrang ham ishlatdi: bu safar u mamlakatga yangi xon tayin qilmay, sultonlar (chingiziylar), biylar va qabila oqsoqollari manfaatlariga mos keluvchi “xon kengashi” deb atalmish kengash tashkil qildi. Bu bilan u barcha qozoq zodagonlarini birlashtirib, Botir Srim qo’zg’oloniga qarshi birgalikda kurashmoqni ko’zladi. Botir Srim aldanib, 1797 yil 29 avgustda ming kishilik qo’zg’olonchilar lashkari bilan kengashga keldida, kurashni to’xtatganligini ma’lum qildi. Shundan so’ng u kengash a’zoligiga qabul qilindi. Lekin qozoq sultonlari Botir Srimning tez orala kengash rahnamosiga aylanishi mumkinligini o’ylab, uni ta’qibu tazyiq qilishga kirishdilar. Natijada Botir Srim Xivaga qochishga majbur bo’ldi (1797 yil oxiri). Ba’zi manbalarga ko’ra, Botir Srimni qozoq sultonlari Xivaga yuborgan odam zaharlab o’ldirgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz