BO’STONLIQ TUMANI



BO’STONLIQ TUMANI — Toshkent viloyati tarkibidagi tuman. 1955 yil 19 aprelda tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda Yuqori Chirchiq tumaniga qo’shib yuborilgan, 1968 yil 25 dekabrda qayta tuzilgan). Bo’stonliq tumani shimolda Qozog’iston Respublikasining Janubiy Qozog’iston viloyati, Sharqda Qirg’iziston Respublikasining Talas viloyati, Janubi Sharqda O’zbekiston Respublikasi Namangan viloyatining Pop tumani, shimoli g’arbda Toshkent viloyatining Qibray, Janubda yuqori Chirchiq, Parkent, Ohangaron tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 4,93 ming kilometr kvadrat. Aholisi 142,9 ming kishi (2000). Bo’stonliq tumanida tumanga bo’ysunuvchi 1 shahar (G’azalkent), 18 qishloq fuqarolari yig’ini (Bog’iston, Bo’stonliq, Dumaloq, Jahonobod, Ozodbosh, Pargos, Sijjak, Soyliq, Toshpo’lat Dadaboev, Ugom, Xumson, Chimboyliq, Chimyon, Yangiovul, Qoramanas, Qo’shqo’rg’on, G’alaba, Hondayliq) bor. Markazi — G’azalkent shahri (Toshkent shahrigacha 58 kilometr). Tabiati. Bo’stonliq tumani. hududi Tyanshan tog’ tizimidagi Ugom, Piskom, qisman Qorjontov (shimoli sharqda), Chatqol (Janubi g’arbda) tizmalari oralig’ida joylashgan. Tog’oldi va tog’ etaklarining balandligi 600-800 metr. Eng baland nuqtasi 4291 metr (Beshtor tog’i). Yiliga 500 — 600 millimetr, ayrim joylarda 1000 millimetrgacha yog’in tushadi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -9°, -15°, iyulniki 17°— 21°. Daryo va soylari Chirchiq daryosining irmoqlari bo’lib, ularning eng muhimlari Piskom, Ugom, Ko’ksuv, ChatKol, Oqtosh, Chimyon va boshqalar. Yangikanal, Xodolak, Kemir, Ters va boshqa kanallar qurilgan. Piskom va Chatqol daryolari qo’shilgan joyda Chorvoq suv ombori va gidrouzeli (to’g’oni) barpo etilgan. Daryo vodiylari o’zlashtirilgan. Balandlik zonalari bo’yicha bo’z tuproq, tog’ jigarrang tuproq va baland tog’ ochqo’ng’ir o’tloqidasht tuproqlarida dasht o’tlari, siyrak daraxtli archa o’rmonlari, o’tloqidasht va dasht o’simliklari o’sadi. Tumandagi o’rmonzorlarning aksari qismi o’rmon xo’jaligi tomonidan barpo qilingan. Bahor oylarida turli o’to’lanlar, lola, chuchmoma, boychechak atrofni gilamdek qoplab ajib bir manzara hosil qiladi. Yovvoyi hayvonlardan qobon, ayiq, bo’ri, tulki, bo’rsiq, qushlardan qorayaloq, zag’izg’on, kaklik, o’rdak yashaydi. Marmar, granit, qurilish materiallari xom ashyolari bor. Aholisining asosiy qismini o’zbeklar tashkil qiladi; qozoq, tojik, rus, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 28 kishi. Sug’oriladigan yerlarda aholi zichroq yashaydi. Shahar aholisining salmog’i 30,9 %. Bo’stonliq tumani hududida O’zbekistonda eng yirik rekreatsiya (dam olish) zonasi tashkil etilgan (Chorvoq—Chimyon, Pargos— Oqgosh). Tumanda “Oqtosh” (balandligi 1140 metr), “Xumson” (1150 metr), “Tovoqsoy” (800 metr) va boshqa sanatoriylar, “Kristall” pansionati, “Chimyon” rekreatsiya kompleksi, ko’plab dam olish zonalari, bolalar oromgohlari bor. Chirchiq daryosi vohasida juda kadimdan odamlar yashab kelgan. Piskom, Ugom va boshqa daryo bo’ylaridagi g’orlarda tosh qurollar, qoyatosh rasmlari topilgan. Tumanda sayyohlar diqqatini jalb qiluvchi 180 dan ortiq shunday makonlar mavjud. Xo’jaligi. Bo’stonliq tumani sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi bo’yicha Toshkent viloyatida Qibray tumanidan keyin 2-o’rinni egallaydi. Uning iqtisodiy geografik o’rni (Toshkent shahriga yaqinligi) xo’jaligining rivojlanishiga imkon berdi, tuman xo’jaligi majmui asosan poytaxt ehtiyojlariga xizmat qiladi. Bo’stonliq tumani hududida 3 yirik GES (Chorvoq, Xo’jakent, G’azalkent), oyna, marmar, meva konserva, sutyog’, vino, pilla urug’i zavodlari, qurilish materiallari, yirik panelli uysozlik kombinati, yo’lqurilish va sozlash, ekspluatatsiya qilish korxonalari, qurilish tashkilotlari, avtobazalar bor. Sanoat korxonalari asosan G’azalkent shahrida joylashgan. G’azalkent toshni qayta ishlash kombinatida Arkutsoy marmar koni asosida marmar bloklar va maydalangan marmar tosh ishlab chiqariladi. “Farhod” va “Agat” kichik korxonalari ishlab turibdi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari — sut go’sht chorvachiligi, sabzavotchilik, bog’dorchilik, tokchilik, pillachilik va boshqalar. Tuman umumiy yer fondi 479,3 ming gektar, shu jumladan sug’oriladigan yerlar 14,9 ming gektar. Qishloq xo’jalik korxonalari va tashkilotlari yerlari umumiy maydoni 140,6 ming gektar, shundan ekinzorlar 11,9 ming gektar (shu jumladan sug’oriladigani 6,1 ming gektar), bog’va tokzorlar 7 ming gektar, pichanzor va yaylovlar 64,6 ming gektar. Jami tomorqa yerlar, bog’dorchilik, sabzavotchilik uyushmalarining yerlari 2,5 ming gektar (shu jumladan sug’oriladigani 2 ming gektar). Bo’stonliq tumanida 19 shirkat xo’jaligi (shu jumladan 6 ta sabzavot, 13 ta sutsabzavot yetishtiriladigan shirkat xo’jaligi). 3 ta qishloq xo’jalik shirkati korxonasi (bo’rdoqichilik, naslchilik parranda reproduktori va ipakchilik xo’jaligi) bor. Umumiy ekin maydoni (tomorqa yerlari bilan birga) 15,1 ming gektar, shundan sug’orma dehqonchilik yerlari 8,8 ming gektar, lalmikor dehqonchilik yerlari 6,3 ming gektar. Ekin maydonlarining asosiy qismi g’alla, sabzavot, kartoshka yemxashak ekinlari bilan band. Chorvachilikda qo’ychilik, parrandachilik, yilqichilik ham mavjud. Pilla yetishtiriladi. 25,1 ming qoramol, shundan 13,2 ming sigir, 67,8 ming qo’y va echki, 18 ming parranda boqiladi (2001). O’rmonzor maydoni 28 ming gektarni tashkil etadi. “O’zbaliq” korporatsiyasiga kiradigan “xonbaliq” xo’jaligi bor. Bo’stonliq tumani viloyatning boshqa tumanlari bilan avtomobil va temir yo’l transporti orqali bog’langan. Toshkent—Chorvoq elektrlashtirilgan temir yo’l tumanni respublika poytaxti bilan bog’laydi. Qattiq qoplamali avtomobil yo’llari tuman xo’jaliklari, dam olish maskanlarini birlashtiradi, ularni respublikaning boshqa tumanlari bilan bog’laydi. 2000/2001 o’quv yilida 55 umumiy ta’lim maktablarida 30,2 ming o’quvchi, kasb-hunar kollejida 850 dan ziyod o’quvchi o’qidi. Ommaviy kutubxona, klub muassasasi bor. 27 maktabgacha yoshdagi bolalar muassasalarida 3,9 mingdan ortiq bola tarbiyalandi. 2 kasalxona, poliklinika, sil kasalliklari dispanseri, 6 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 18 akusherlik punkti mavjud. O’zbek tilida “Bo’stonliq ovozi”, qozoq tilida “Bo’stonlik dovusi” tuman gazetasi (1936 yildan) nashr etiladi, adadi 1675. Ad.: Aminov M ., Bo’stonliq. T., 1985.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz