BO’STONIY BUTRUS



BO’STONIY BUTRUS (1819-1883, may) — 19-asr Arab ma’rifatparvarlarining yirik namoyandalaridan biri, adib, pedagog va mutafakkir. Suriyadagi dastlabki ma’rifatparvarlik jamiyati (“Suriya fan va san’atni o’rganish jamiyati”, 1847 yil tashkil etilgan) asoschisi. 1863 yilda Livanda Arab tilida Yevropa usulidagi birinchi milliy maktab (“Almadrasa alvataniya”) ochdi va unda dars berdi. 60-70-yillarda turli nomlarda gazeta va jurnallar chiqargan. Qomusiy asar — “Doirat almaorif” (“Bilim doirasi”) kitobini tayyorlagan. Asarning 6 jildi uning rahbarligida, qolganlari Bo’stoniy vafotidan so’ng shogirdlari tomonidan nashr etilgan. Bo’stoniy 1867-70 yillarda ikki jildli Arab tili izohli lug’ati “Muhit almuhit” (“Okeanlar okeani”) ni nashr etdi. Bo’stoniy o’z ilmiy adabiy faoliyati bilan 19-asr Arab madaniyati va adabiyotining rivojlanishida jiddiy rol o’ynagan va boy meros qoldirgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz