“BO’STON” SANATORIYSI
“BO’STON” SANATORIYSI — balneologik kurort. Toshkent shahridan 30 kilometr uzoqlikda, Chirchiq shahrida, dengiz sathidan 550 metr balandlikda joylashgan. Maydoni 37,5 gektar. Shundan 16 gektar mevali bog’ va manzarali daraxtzorlardan iborat. Iqlimi kontinental: qishi yumshoq, yozi issiq, yanvarning o’rtacha temperaturasi -1,5°, iyulniki 25°, nisbiy namligi 55%, quyoshli kunlar davomliligi yiliga 2700 soat. Davolash maqsadida kam minerallashgan termal (42°), sulfatkaltsiy natriyli kuchsiz ishqorli azotli suv vannalar va ichish uchun, Jizzax viloyati Zomin tumani “Baliqli ko’l”dan olib kelinadigan balchiqdan galvanik balchiq, parafin va ozokerit ko’rinishida foydalaniladi. Bundan tashqari, fizioterapiya, massaj, iqlim bilan davolash usullari ham qo’llaniladi. Sanatoriyda qon aylanish a’zolari, nerv sistemasi, ginekologik va urologik kasalliklari bor kishilar davolanadi. 400 o’ringa mo’ljallangan yotoq korpuslari (bir va ikki o’rinli), klub, kutubxona, sauna, fitobar mavjud.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz