BO’STON NEFT KONI
BO’STON NEFT KONI — Andijon viloyati Xo’jaobod tumani hududida, Andijon shahridan 15 kilometr Janubi Sharqda joylashgan. 1952 yilda ochilgan, 1953 yilda ishga tushirilgan. Neft uyumlari yura, bur, paleogen va neogen yotqiziqlarida joylashgan. Yura davri yotqiziqlarining qalinligi 195 metrgacha. Bo’r davri yotqiziqlari (umumiy qalinligi 1445 metrgacha) Farg’ona botig’iga mansub Log’on, kalachi, Yalovoch va boshqa svitalarni o’z ichiga oladi. Paleogen yotqiziqlari umumiy qalinligi 465 metrgacha bo’lgan Buxoro, Olay, Turkiston va boshqa svitalardan tashkil topgan. Neogen sistemasi (umumiy qalinligi 450 — 750 metr) massaget va baktr seriyalaridan tuzilgan. Bo’ston neft koni antiklinal strukturada joylashgan. G’arb ya Sharqda kichik sinklinallar orqali Xo’jaobod va Janub Olamushuk strukturalaridan ajralib turadi. Neft uyumi asosan neogen davrining qizg’ish svitasi 3-gorizontida, ozroq miqdorda bo’r yotqiziqlarida uchraydi. Neftning sof og’irligi 0,829 dan 0,880 gacha. Tarkibida 88% gacha qatron, 10 % gacha parafin, 42% gacha oltingugurt, 3,3 % gacha asfalten mavjud.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz