Boston marafoni portlashlari
Boston marafoni portlashlari 2013-yil 15-aprelida Boston shahrida oʻtkazilayotgan marafonga boʻlgan terror xuruji edi. Marra chizigʻi yaqinida mahalliy vaqt bilan soat 14:49 (Toshkent vaqti bilan 23:49) da 13 soniya farq bilan ikkita bomba portladi; natijada uch kishi halok boʻldi, 183 kishi yaralandi. Voqea yuzasidan Federal tergov idorasi (FTI; inglizcha: FBI) surishtiruv-qidiruv ishlari boshladi.
18-aprel kuni FTI portlashlargacha va ulardan keyin foto va videolarga tayanib, ikki gumondorni qidiruvga berdi. Bu gumondorlar kelib chiqishi chechen boʻlmish aka-uka Joxar va Tamerlan Tsarnayevlar ekani omma yordami bilan aniqlandi.
Fotosuratlar eʼlon qilinishidan besh soat oʻtib, gumondorlar Massachusetts texnologiya institutidagi politsiya xodimini oʻldirishgani haqida xabarlar paydo boʻldi. Keyin ular avtomobil va uning egasini opqochib ketishdi, biroq politsiya ularning iziga tushib, Watertown shahrigacha quvib bordi. Gumondorlar Watertownda otishma boshlab, transport politsiyasi xodimini yaralashdi. Jarohatlangan Tamerlan Tsarnayev qoʻlga tushdi, lekin keyinchalik kasalxonada oʻldi. Joxar ham yaralangan edi, biroq politsiyaga darhol tutilmadi.
Minglab politsiya va harbiy xodimlar Watertown hududini qurshab, Joxarni taʼqib qilish amaliyotini oʻtkazishdi. 19-aprel kuni mahalliy hokimiyat Watertown va uning atrofida yashovchi aholini oʻz uylarini tark etmaslikka chaqirdi. Aksariyat jamoat muassasa va transporti yopilib, shahar koʻchalari boʻshatildi. Kechga borib uydan chiqmaslik tavsiyasi bekor qilingach, yaralangan Joxar bir mahalliy odam tomonidan hovlidagi brezent bilan yopilgan qayiq ichida topildi. Kichik otishmadan keyin politsiya Joxarni tutdi va kasalxonaga eltdi.
Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimov Bostonda insonlar qurbon boʻlgani yuzasidan AQSh Prezidenti Barack Obamaga hamdardlik bildirdi.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org