Boston kremli pirogi
Boston kremli pirogi (inglizcha: Boston cream pie) — amerika shirinligi boʻlib, qatlami qaynatma kremli va usti shokoladli glazur bilan qoplangan ikkita biskvit qavatidan iborat tort. Shirinlik tort va piroglar bir xil tovalarda pishiriladigan davrlarda oʻz nomiga ega boʻldi va bu soʻzlarni oʻsha paytlarda sinonim sifatida ishlatishar edi. XIX asrning ikkinchi yarmida bunday tort „kremli pirog“, „shokoladli kremli pirog“ yoki „qaynatma kremli tort“ deb nomlangan.
Tarix
Bostondagi Parker House mehmonxonasi (AQShdagi eng qadimgi mehmonxona, 1855-yil 8-oktabrda ochilgan) egalarining soʻzlariga koʻra, Boston kremli pirogi mehmonxonada 1865-1881-yillarda oshxonani boshqargan fransuz bosh oshpazi Reylin tomonidan 1881-yilda yaratilgan. Amerika pudingli pirogi va Vashington pirogi deb nomlanuvchi oldingi piroglarning toʻgʻridan-toʻgʻri avlodi boʻlgan bu shirinlik Parker House menyusida shokoladli kremli pirog, Parker House shokoladli kremli pirogi va nihoyat Boston kremli pirogi deb nomlangan. Tort ikki qatlamli fransuz sariyogʻli biskvitidan iborat boʻlib, quyuq qaynatma krem bilan toʻldirilgan va rom siropi surtilgan; uning yon tomoni ham qaynatma krem va qovurilgan toʻgʻralgan bodom, yuqori qismi esa shokoladli fondan bilan qoplangan. Oʻsha paytda yana boshqa qaynatma kremli tortlar boʻlgan boʻlsa-da, shokoladli pishiriqlar yangilik boʻlib, tortni noyob qilish bilan bir qatorda menyudagi mashhur tanlov ham edi.
„Shokoladli kremli pirog“ nomi birinchi marta 1872-yilda „Metodistlar Almanaxi“da paydo boʻlgan. „Boston kremli pirogi“ atamasi birinchi marta 1878-yilda „Mayda metal buyumlar doʻkonining retseptlar kitobi“da (Granite Iron Ware Kuk) nashr etilgan. Tort retseptining zamonaviy versiyasi birinchi marta 1887-yilda „Miss Parloaning oshxona yordamchisi“ (Miss Parloaʼs Kitchen Companion) jurnalida nashr etilgan va „Shokoladli kremli pirog“ deb nomlangan.
Boston kremli pirogi 1996-yil 12-dekabrda Massachusetts shtatining rasmiy shirinligi deb eʼlon qilingan.
Turlari
Boston kremli kulchasi — bu vanilli qaynatma krem yoki krem-patissyer (crème pâtissière) bilan toʻldirilgan va shokolad bilan qoplangan Berlin kulchasidir. Bu kulchani turli restoranlarda, jumladan Dunkinʼ Donutsda topish mumkin.
Boston kremli pirogining Tayvan versiyasi, Xitoy pishiriqlarini eslatuvchi, ammo shokoladsiz boʻlgan shifon biskvitdir.
Sanʼatda uchrashi
Ira Levinning „Rozmari chaqalogʻi“ (1967) romanida bosh qahramon Kastevetsning kechki ovqatida Boston kremli pirogini tatib koʻradi, shundan soʻng oʻzini yomon his qila boshlaydi va iblisning bolasiga homilador boʻladi.
Yana qarang
Manbalar
uz.wikipedia.org