BO’STON
BO’STON — Qoraqalpog’iston Respublikasidagi shahar (1983 yildan). Ellikqal’a tumani markazi. Aholisi 12,6 ming kishi (1999), asosan qoraqalpoqlar, o’zbeklar, shuningdek rus, tatar, turkman, tojik va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Yaqin temir yo’l stantsiyasi Urganchgacha 62 kilometr. Bo’stondan Nukusgacha bo’lgan masofa 140 kilometr. Shahar yonida O’zbekiston Fanlar Akademiyasi botanika instituti va botanika bog’ining filiali (70 gektar) barpo qilingan. Bo’stonda 1998-99 yillarda madaniyat va istirohat bog’i (maydoni 50 gektar) bunyod etildi. 3 umumiy ta’lim maktabi, musiqa maktabi, akademik litsey, madaniyat uyi, 12 kutubxona, klub, stadion, 31 maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchasi, tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, Markaziy dorixona, dehqon bozori, 10 umumiy ovqatlanish shoxobchasi bor. Shaharda “Elteks” to’qimachilik kompleksi, paxta tozalash zavodi, “Elnur” xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish korxonalari ishlab turibdi. 2 avtokorxona, 5 ko’chma mexanizatsiyalashgan kolonna faoliyat ko’rsatadi. “Faxriylar bog’i”, “Yashil xiyobon” kabi dam olish maskanlari tashkil qilingan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz