BOSQON
BOSQON, bozg’on — 1) katta zalvar bolg’a. Qadimgi ishlab chiqarish qurollaridan biri. Po’latdan yasaladi, og’irligi 4-6 kilogramm, yog’och dastasining uzunligi 1 metrcha bo’ladi. Qizigan po’lat yoki temirni sandonda Bosqon bilan urib yalpoqlanadi. Ayrim joylarda, chunonchi Samarqanda temirchilarning dami ham Bosqon deyiladi; 2) yuqoridan tushadigan zarb kuchi hisobiga metal xom ashyoga bosim bilan ishlov beradigan mashina. Qo’l kuchi bilan ishlatiladigan dastlabki Bosqon — richagli Bosqon. 13— 14-asrlarda ma’lum bo’lgan. 16-asr boshlarida charxpalakdan harakatlanadigan Bosqon paydo bo’ldi, 18-asrda charxpalaklar o’rnini bug’kuchidan, keyinchalik havo kuchidan foydalanib ishlaydigan Bosqon egalladi. 20-asr boshlaridan elektr yuritmali Bosqonlar, 40-yillarda portlama Bosqonlar, 50-yillarda gaz Bosqonlari yaratiladi. Vazifasiga ko’ra, bolg’alash va shtamplash Bosqonlariga; harakatlantirish vositasiga ko’ra, bug’ havo, pnevmatik (havo), mexanik, gidravlik (suyuqlik), portlama, gaz elektrmagnitli Bosqonlarga bo’linadi. Ishlash usuliga ko’ra, oddiy (tushuvchi) va qo’sh harakatli (tushuvchi qismlari qo’shimcha tezlashtirilgan) Bosqonlar bo’ladi. Bosqonning asosiy qismlari: porshen, shtok va Baba (muxra); shabot (zalvor asos), stanina, yuritma va boshqarish mexanizmlari. Bosqon temirchilik shtamplash ishlab chiqarishnining asosiy mashinalaridan biri hisoblanadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz