Bositxon zohidxon o‘g‘li
BOSITXON ZOHIDXON OʻGʻLI (taxallusi Haqiriy) (1878—Toshkent — 1959.22.5) — oʻzbek shoiri, tarjimon, tabib. Orifjonov bosmaxonasida musahhih (1908—18), Chinoz va Chimkent maktablarida oʻqituvchi (1918—30), Sharq qoʻlyozmalari instituti (hozirgi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti)da ilmiy xodim (1944—53). Oʻzbek va fors tillarida ijod etgan, arab tilini yaxshi bilgan. Gʻazal, muvashshax, murabbaa, musamman, tarjiʼband, muhammaslar yozgan. Sheʼrlaridan bayoz ("Bayozi Haqiriy", 1936) tuzgan. Gʻazzoliyning "Daqoiq ulaxbor" ("Nozik xabarlar") asarini oʻzbek tiliga tarjima qilib, nashr ettirgan (1907, 1914). Xalq tabobatiga oid "Qonuni Bositiy" yoki "Qonun almabsut" ("Mukammal qonun", 1942) va "Istilohot ulatibbo fi intifoʼot alahibbo" ("Doʻstlar foydalanadigan tibbiy atamalar", 1944) kabi asarlar yaratgan. Qoʻlyozmalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 126).
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org