BOSIM
BOSIM — biror jismning boshqa jism sirtiga tik yo’nalishda ta’sir qiladigan kuchlar intensivligini ifodalovchi fizik kattalik. Pa yoki kgk/sm2 da o’lchanadi. Jism sirtiga tik ta’sir qiladigan kuchlar Bosim kuchlari deb ataladi (masalan, bino poydevorining zaminga ta’siri, suyuqlikning idish devoriga ta’siri va hokazolar). Kuchlar sirt bo’ylab tekis taqsimlangan bo’lsa, u holda Bosim P=F/Ѕh bunda F — jism sirtiga ta’sir qiladigan kuch, S — jism sirti. Bosimning bir necha turi mavjud. Gidromexanik Bosim — suyuqlikning biror nuqtasidagi bosim. U gidrostatik (tinch holatdagi suyuqlikka oid) va gidrodinamik (harakatdagi suyuqlikka oid) xillarga bo’linadi. Gidromexanik Bosimning atmosfera bosimidan ortishi ortiqcha Bosim, atmosfera bosimidan kichik Bosim vakuummetrik Bosim deb ataladi. Dinamik Bosim — harakatdagi suyuqlik zarrasining hajm birligidagi kinetik energiyasini ifodalovchi tushuncha. Bundan tashqari, havo bosimi, bug’bosimi, parsial bosim (gazga oid), yonilg’i ichki yonuv dvigateli tsilindrida yonganda hosil bo’ladigan gaz bosimi va boshqa xil Bosimlar bo’ladi. Biror idish, qozon hamda boshqalar ichidagi va atrofdagi muhit Bosimlari birgalikda mutlaq Bosim deyiladi. Bunday Bosim ata bilan ifodalanadi. Fan va texnikada juda kichik va juda yuqori Bosimlar bilan ish ko’riladi. Kichik Bosimlar asosan tor bilan, atmosfera Bosimidan yuqori Bosimlar atmosfera (ATM), millimetr simob ustuni (millimetr sim. ust.) yoki millimeter suv ustuni (millimetr suv ust.) bilan o’lchanadi. Meteorologiyada Bosim birligi bar yoki millimetr sim. ust. bilan ifodalanadi. MKS tizimida Bosim birligi sifatida N/m2 (kvadrat metrga Nyuton), SGS tizimida — Dina/sm2 (kvadrat santimetrga Dina), MKGSS tizimida — kgk/m2 (kvadrat metrga kilogramm kuch) qabul qilingan. Bosim barometr, datchik va manometr bilan o’lchanadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz