BOSHQIRD QO’ZG’OLONLARI
BOSHQIRD QO’ZG’OLONLARI — boshqird xalqining podsho Rossiyasiga qarshi olib borgan qo’zg’olonlari: 1) boshqird xalqiga zo’rlab xristian dinini qabul qildirishga qarshi, g’azovot shiori ostida ruslarga qarshi boshqird mulkdorlari tomonidan 1681-83 yillarda uyushtirilgan qo’zg’olon. Qo’zg’olon oqsoqol Sait Sadir boshchiligida bo’lgani uchun u sait qo’zg’oloni deb ham ataladi. 1682 yil 28 mayda Ik daryosi bo’yida qo’zg’olonchilar mag’lubiyatga uchraganlar. Qo’zg’olonga qalmiklar ham qo’shilganlar. 1683 yil bahorida qo’zg’olon G’arbiy Boshqirdistonni qamrab olgan. Biroq boshqird va qalmiq zodagonlari o’rtasida o’zaro nizo boshlangan. Qalmiqlar Boshqirdistonni o’zlariga tobe etish maqsadida talonchilik yurishi tashkil etganlar va boshqird yaylovlarini talab ko’plab asir va mollarni o’lja olganlar. Qalmiqlar bosqinidan bezib qolgan xalq ommasi qo’zg’olondan chetlashgan, oqibatda podsho hukumati 1683 yil dekabrda qo’zg’olonni bostirishga erishgan; 2) 1755 yilgi qo’zg’olon Botirsho qo’zg’oloni deb ham ataladi. Bu qo’zg’olon ham boshqirdlarni zo’rlab xristianlashtirishga va boshqird yerlarini tortib olishga qarshi podsho ma’muriyatiga, mahalliy mulqdorlarga qarshi qaratilgan. Boshqirdistonning katta qismiga yoyilgan. Qo’zg’olonni tayyorlashda mulla Abdulla Aleyev (laqabi Botirsho)ni boshqird, tatar, qozoq, o’zbeklarga qarata yozgan da’vatnomasi, ularni “kofirlar”— ruslarga qarshi g’azovotga chaqirishi ma’lum rol o’ynagan. Lekin Botirshoning o’zi qo’zg’olonga rahbarlik ham qilmagan, qo’zg’olon esa boshqa shiorlar ostida o’tgan. Shuning uchun uni Botirsho qo’zg’oloni deb atash shartlidir. Qo’zg’olonchilar orasida ittifoq bo’lmaganligi, yirik mulkdorlarni qo’zg’olonga qarshi chiqishi, podsho hukumatining tilyog’lama siyosati (o’z ixtiyori bilan taslim bo’lganlarni avf etish, boshqird, tatar va qozoqlarni o’zaro gijgijlash va boshqalar) natijasida Boshqird qo’zg’olonlari podsho hukumati tomonidan shafqatsizlik bilan bostirilgan. Boshqird qo’zg’olonlari xalq ommasining mustamlakachilikka va zo’ravonlikka qarshi ozodlik uchun olib borgan kurashi edi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz