BOSHQARUVCHI MASHINA
BOSHQARUVCHI MASHINA — murakkab jarayonlarni boshqarishda odam vazifalarini bajaruvchi avtomatik qurilma. Masalan, EHMlari yadro fizikasi, elektronika, avtomatika, telemexanika, matematika, tilshunoslik, fan va texnikaning boshqa sohalaridagi ishlarda asqotmoqda. Boshqaruvchi mashinalar oddiy elektron raqamli hisoblash mashinalaridan bir oz farq qiladi: ularda arifmetik, xotirlovchi, kirituvchi va chiqaruvchi, boshqaruvchi qurilmalardan tashqari mashinani boshqarilayotgan ob’yekt bilan bog’laydigan qo’shimcha qurilmalar bo’ladi. Boshqaruvchi mashina 2 qism: hisoblovchi qism va ob’yekt bilan bog’langan qismdan iborat. Boshqaruvchi mashina boshqarilayotgan ob’yektga 2 usulda ulanadi. Birinchi usulda mashinaga ob’yektdan kerakli axborotlar (x,, x2, … XP) va shu ob’yekt uchun tuzilgan dastur (algoritm) beriladi. Mashina shularga asosan hisoblab, ba’zi parametrlarni o’zgartirish kerakligi haqida ma’lumot (ug U2, … ul) beradi. Ikkinchi usulda rostlagichlardan foydalaniladi. Bu rostlagichlar mashinadan olingan axborotga asosan o’zgaruvchi parametrlarni turg’unlashtirib turadi. Boshqaruvchi mashina yordamida ob’yektlar, asosan, uch bosqichda boshqariladi: 1) boshqariluvchi ob’yekt o’rganilib, kerakli axborotlar yig’iladi; 2) boshqarish jarayonining matematik modeli tuziladi; 3) tuzilgan dastur amalga oshiriladi. Boshqaruvchi mashinalardan ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish, poyezdlarni haydash, samolyotlarni uchuvchisiz boshqarish va boshqa sohalarda foydalanish mumkin. Ular korxonalarni yalpi avtomatlashtirishga, mehnat unumdorligini oshirishga, ishlab chiqarishni kengaytirishga imkon beradi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz