BO’SHATISH
BO’SHATISH (metallurgiyada) — toblangan po’latni 720° dan (kritik nuqtadan) past temperaturagacha qizdirib, so’ngra asta-sekin sovitish. Bo’shatish beqaror martensitni barqaror holatga keltiradi, ichki kuchlanishlarni kamaytiradi va po’latning mexanik xossalarini o’zgartiradi, ya’ni ancha yumshatib, qovushoqligini oshiradi. Bo’shatishning 3 usuli bor; a) past temperaturada Bo’shatish — po’lat 200° chamasi temperaturagacha qizdirilib, asta-sekin sovitiladi; b) o’rtacha temperaturada Bo’shatish — po’lat 200-450° temperaturada qizdirilib, asta-sekin sovitiladi; v) yuqori temperaturada Bo’shatish — po’lat 450—727° temperaturada qizdirilib, asta-sekin sovitiladi. Bo’shatish temperaturasi oshgan sari po’latning qattiqligi va mustahkamligi pasayadi, plastikligi va zarbiy qovushoqligi oshadi. Bo’shatish usuli asbobsozlik po’latiga, tsementlanadigan po’latga, pishiq konstruktsion po’latga, prujinalar va ressorlarga, dinamik va titrama kuchlar ta’sirida bo’ladigan mashina detallariga termik (issiqlik) ishlovi berishda qo’llaniladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz