BO’SH VAQT



BO’SH VAQT — kishining majburiy ijtimoiy mehnati va boshqa majburiy mashg’ulotlardan tashqari vaqtining bir qismi; o’z xohishiga ko’ra ma’naviy va jismoniy rivojlanish, dam olish uchun sarflanadigan vaqt. Ijtimoiy hayotda kishilarning umumiy vaqtini 2 qismga — ish vaqti va ishdan tashqari vaqtga bo’lish mumkin. Ishdan tashqari vaqt asosan uy ishlariga, o’ziga qarash, uxlash va ovqatlanish uchun sarflanadigan vaqg hamda Bo’sh vaqtga bo’linadi. Bo’sh vaqt shaxsning har tomonlama kamoloti, qobiliyatlarini rivojlantirishi, bilim darajasini oshirishi, dam olishi va shu kabilar uchun kerak bo’ladigan ishdan tashqari vaqtdir. Bo’sh vaqt shaxsning erkin faoliyati va kamoloti uchun zarur bo’lgan haqiqiy boyligi hisoblanadi. Bo’sh vaqt jamiyat ma’naviy kuchining, kengaytirilgan takror ishlab chiqarishning zarur sharti. U individual xarakterga ega bo’lib qolmay, ijtimoiy zaruriy vaqg hamdir. Chunki ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantirish, mehnat unumdorligini oshirish, ilmiy texnika ravnaqi uchun Bo’sh vaqt juda zarur. O’z navbatida ular Bo’sh vaqt me’yori va mazmuniga ta’sir qiladi. Jamiyatning tarixiy taraqqiyoti davomida Bo’sh vaqtning miqdori va ahamiyati tobora ortib boradi. Bu, birinchidan, mehnat unumdorligining ortishi, ilmiy-texnika ravnaqi va jamiyatning barcha a’zolari o’rtasida mehnatning teng taqsimlanishi hisobiga bo’lsa, ikkinchidan, ishga borib kelishdagi ortiqcha harakatlarni, uy mehnatiga ketadigan vaqtni qisqartiritsh hisobiga yuz beradi. Ijodiy mehnat qilish, o’z malakasini, ma’lumoti va ilmiy-madaniy saviyasini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faoliyatini kengaytirish, san’at va sport bilan shug’ullanish va boshqalar Bo’sh vaqtning mazmundor o’tishini ta’minlaydi. Masalan, jahondagi rivojlangan mamlakatlarda, shuningdek O’zbekistonda ham 2 kunlik dam olish va 5 kunlik ish haftasiga o’tish Bo’sh vaqtni ko’paytirish yo’lidagi tadbirlardandir. Bo’sh vaqt miqdorini ko’paytirish va undan unumli foydalanish uchun etarli sharoit yaratish zarur. Bunga mamlakat ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalash, ishlab chiqarishga zamonaviy texnika va ilg’or texnologiyani joriy etish orqali mehnat samaradorligini oshirish va vaqtni tejash, ommaning umumiy madaniy saviyasini oshirish va boshqalar orqali erishiladi. Bo’sh vaqtdan samarali foydalanish turmushning mazmundor bo’lishiga yordam beradi. Sodir Salimov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz