Bosh Assambleya




Birlashgan millatlar tashkilotining bosh assambleyasi — BMT asosiy organlaridan biri, barcha a’zolarining umumiy yigʻilishi. Butun BMTga tegishli vazifalar hamda vakolatlarning muhim qismini bajaradi. BMT barcha asosiy organlari orasida eng vakolatlisi. Shu organlarni shakllantirishda ishtirok etadi. BMTga a’zo hamma davlatlar oʻz vakillariga ega boʻlgan yagona organ. Mazkur vakillar koʻpi bilan 5 delegat va yana shuncha delegat oʻrinbosari va zarur miqdordagi maslahatchilar va ekspertlardan tashkil topadi. BMTga a’zo davlatlarning barchasi BMT Bosh Assambleyasida teng huquqli, ya’ni har biri bir ovozga ega. Delegatsiya majlislar zalida davlatning ingliz tilidagi rasmiy nomiga muvofiq alifbo tartibida joylashadi. BMT Bosh Assambleyasi BMT Ustavi doirasidagi yoki uning har qanday organi vakolat hamda vazifalariga doir har qanday masala yoxud ishni, biron-bir davlat yoki Xavfsizlik Komiteti oʻrtaga qoʻygan masalalarni muhokama qilish, shuningdek BMT a’zolari va Xavfsizlik Kengashiga oid tavsiyalarni berish vakolatiga ega. BMT Bosh Assambleyasi Xavfsizlik Kengashining doimiy boʻlmagan a’zolarini (doimiy a’zolari BMT Ustavi 23-moddasida koʻrsatilgan), Iqtisodiy va Ijtimoiy kengash a’zolarini saylaydi; Xavfsizlik Kengashi bilan birga Xalqaro sud sudyalarini saylashda qatnashadi; Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga binoan BMT Bosh kotibini tayinlaydi; Xavfsizlik Kengashining va BMT boshqa organlarining yillik hamda maxsus dokladlarini qabul qilib, koʻrib chiqadi; BMT byudjetini muhokama etib, tasdiqlaydi. BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi yillik sessiyaga (u odatda sentabr oyining 3-seshanba kuni ochiladi), shuningdek maxsus yoki (1950-yildan) favqulodda sessiyaga yigʻiladi. Maxsus sessiyalar Xavfsizlik Kengashi, BMT a’zolarining koʻpchiligi yoki bular ma’qullagan holda BMT a’zolaridan birining talabi bilan chaqiriladi. BMT Bosh Assambleyasining har bir sessiyasida rais va uning 21 oʻrinbosari saylanadi. Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zolarining vakillari sessiya raisi etib saylanmaydi. Shuningdek ikkita protsedura qoʻmitasi tuziladi. BMT Bosh Assambleyasining 7 bosh qoʻmitasi va 2 doimiy qoʻmitasi bor. Bosh Assambleya tavsiya tusidagi rezolyutsiyalarni qabul qiladi.

Yana q.




Adabiyotlar





uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz