BO’RTMA NEMATODALAR



BO’RTMA NEMATODALAR (Meloidogyne) — o’simliklarda parazitlik qiluvchi nematodalar oilasi. Erkagi ipsimon, uzunligi 1,2—1,9 millimetr, urg’ochisi noksimon, uzunligi 0,8—1 millimetr. Turli o’simliklarning yer ostki qismida parazitlik qilib, shish (bo’rtma) paydo qiladi. Poliz (qovun, qovoq, tarvuz), sabzavot (kartoshka, bodring, pomidor, sabzi), texnika ekinlari (kanop, ayrim joylarda g’o’za) ni ayniqsa kuchli zararlaydi. Urg’ochi nematodalar maxsus tuxum xaltasi (ooteka)ga yil davomida bir necha yuztadan 2000 gacha tuxum qo’yadi. Tuxumdan lichinkalar tuproqqa chiqib, yosh ildizlarga kirib oladi. Bo’rtma nematodalar ta’sirida o’simlikning nematodalar bilan zararlangan joyida diametri 4 millimetrdan bir necha santimetr (ba’zan 25-30 santimetr) gacha bo’lgan bo’rtmalar paydo bo’ladi. Zararlangan o’simliklarning o’sishi va rivojlanishi sekinlashadi, issiq yoz paytlari so’linqirab turadi yoki butunlay qurib qoladi. Bo’rtma nematodalarning yer yuzida 60 dan ortiq turi, shu jumladan O’zbekistonda 5 turi (Janub, Yavan, araxis, g’o’za, shimol Bo’rtma nematodalar) ekinlarga ziyon keltiradi. Kurash choralari: tuproqni haydab oftob taftida quritish, Bo’rtma nematodalarga chidamli ekin navlarini ekish, almashlab ekish, tuproqni oftob taftida quritish, issiqxonalarda tuproqni bug’lash.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz