Borovkov Aleksandr Konstantinovich




Aleksandr Konstantinovich Borovkov (1904. 3(16). 3, Toshkent, 1962, 15.11, hozirgi Sankt-Peterburg) — turkiyshunos olim.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi (1943). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1945), professor (1935). Oʻrta Osiyo davlat universitetining sharqshunoslik fakultetini tamomlagan (1928). Moskvadagi Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodim, boʻlim mudiri, direktor oʻrinbosari (1934—38, 1945— 60), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida direktor oʻrinbosari, ayni vaqtda Toshkent davlat pedagogika institutida oʻzbek tili kafedrasi mudiri (1938— 45), Moskvadagi Tilshunoslik instituti Leningrad boʻlimining direktori (1961-yildan).

B. Kirill grafikasi asosida oʻzbek alifbosi imlosini ishlab chiqishda qatnashgan, turkiy xalqlarning etnografiyasi, folklori va tiliga oid ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Oʻzbek tili shevalarini urgangan. B. eski oʻzbek yodgorliklarining leksikgrammatik va til xususiyatlarini tadqiq etib, "Sharq tillari tarixi va grammatikasi masalalari" (1958), "Oʻzbek tilining grammatikasi qisqacha ocherklari" (1959), Ahmad Yassaviy "Hikmatlar" ining tili va Alisher Navoiy asarlarining til xususiyatlariga oid ilmiy asarlar yaratgan. "Badoye ullugʻat" (1961), "12— 13asr Oʻrta Osiyo tafsirining leksikasi" (1963)ni nashr ettirish bilan B. eski oʻzbek tilining mukammal lugʻatini tuzishga asos soldi. Besh jildli "Ruscha-oʻzbekcha lugʻat" (1950—55) va bir jildli "Oʻzbekcha-ruscha lugʻat" (1959) ni tuzishda ishtirok etgan. B. turkiy xalqlarning "Alpomish", "Manas", "Qoʻblon", "Qoʻzi Koʻresh va Bayan suluv" kabi eposlarini oʻrganib, "Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston xalqlarining turkiy tillari eposini oʻrganish masalalari" (1958), "Alpomish haqidagi qahramonlik poemasi" (1959) kabi ilmiy asarlar yaratgan.

Manbalar




Adabiyotlar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz