BO’RONQUSHLAR



BO’RONQUSHLAR (Puffinus) nay burunlilar turkumi urug’i. Suvda yashashga yaxshi moslashgan dengiz qushlari. Panjalari orasida suzgich pardalari bor. Tumshug’i uzun va uchi ilmoqqa o’xshash qayrilgan, tashqi burun teshigi maxsus nay uchida joylashgan, pati qalin. Qanotining tirsak suyagi uzun. Nari bilan modasining rangi bir xil. Qora dengizda shimol bo’ronqushi (R. puffinus), tinch okean sohillarida ingichka tumshuqli bo’ronqush (R. tenuirostris) va bo’z bo’ronqush (P. griscus) uchraydi. O’zbekistonda yashamaydi. Bo’ronqushlar parvoz qilishda suv to’lqinlari ustida hosil bo’ladigan havo quyunlaridan foydalanadi. Hayoti suv bilan bog’liq. Bo’ronqushlar yaxshi uchadi va suzadi, lekin uncha sho’ng’iy olmaydi. Shuning uchun baliq va har xil dengiz umurtqasiz hayvonlarini suv betidan tutib yeydi. Quruqlikka faqat urchish vaqtida chiqadi. Bo’ronqushlar monogam qush. Tuxum qo’yish uchun maxsus uya yasamaydi; bir dona tuxumni ochiq yerga yoki toshlar orasiga qo’yadi. Tuxumdan chiqqan jo’jani jig’ildonida hosil bo’ladigan bo’tqa bilan boqadi, jo’jalar uchirma bo’lishidan bir necha kun oldin ota-ona qushlar dengizga uchib ketadi. Bo’ronqushlarning go’shti va tuxumi iste’mol qilinadi, patidan ham foydalaniladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz