BORONA



BORONA, tirma, sixmola — tuproqqa yuza ishlov berish, qatqaloqni yumshatish, begona o’tlarni yo’qotish uchun mo’ljallangan qishloq xo’jalik quroli. Ish organlari turiga ko’ra, tishli va diskli; vazifasiga ko’ra, umumiy ishlarga mo’ljallangan va maxsus; traktorga biriktirish usuliga ko’ra, osma, tirkama va yarim osma xillarga bo’linadi. Tuzilishiga ko’ra, Boronalar ikki izli, simmetrik va yo’nalish (ataka) burchagi o’zgaruvchan (10°-25°) bo’ladi. Tishli Borona ish organlari kvadrat, dumaloq, to’g’ri to’rtburchak va pichoqsimon shakldagi po’lat tishlardan iborat. Ular ramaga qattiq (bikr), oshiq-moshiqli (sharnirli) qilib biriktiriladi yoki prujinasimon tirakka mahkamlanadi. Tish tuproqqa pona kabi botib ishlaydi. Bir tishiga to’g’ri keladigan nagruzkaga ko’ra, tishli Boronalar og’ir (16-20), o’rtacha (12-16) va yengil yoki ekin ustidan yuritiladigan (5-12) xillarga bo’linadi. Og’ir va o’rtacha Boronalarning tishlari kvadrat, engillarniki esa dumaloq qilib yasaladi. Paxtachilikda asosan o’rtacha Borona, shuningdek to’rsimon, prujinali, o’toq Boronasi, aylanadigan pichoqli va boshqa xil Boronalar ishlatiladi. Ular traktorga tirkagich vositasida biriktiriladi. Tirkagichga 12 dan 24 tagacha Borona zvenosi tirkaladi. Gusenisali traktor bilan ishlaganda tirkagichli agregat 44-50 zvenodan tuziladi. O’rtacha Borona tuproqni yumshatishdan tashqari 8 santimetrgacha chuqurlikdagi begona o’tlar ildizini ham sidirib chiqaradi, yer haydalgandan keyin uning sirtqi qatlamini maydalab yumshatadi va tekislaydi, ya’ni ekin ekishga tayyorlaydi. To’rsimon Borona dala sirtiga yaxshi moslashadigan to’rga sharnirli biriktirilgan dumaloq tishlardan tuzilgan. Kuzgi va bahorgi galla nihollari unib chiqqandan keyin begona o’tlarni yo’qotish, ayni vaqtda tuproqning sirtki qatlamini yumshatish uchun ishlatiladi. Prujinali Boronalarda o’tkir uchli yassi prujina ko’rinishidagi tishlar bo’ladi. Ish paytida ular titrab, tuproqni jadal maydalaydi. Prujinali Boronalar obikor dehqonchilik zonasida og’ir, qattiq va toshloq yerlarda keng ishlatiladi. O’toq Boronalarida prujinali elastik o’tkir tishlar bulib, chopiq qilinadigan ekinlar ekilgan maydonda tuproqning sirtki qatlamini yumshatish va begona utlardan tozalash uchun ishlatiladi. Aylanadigan pichoqli Boronalarning plastinasimon (unaqay va chapaqay) pichoqpari harakat yo’nalishiga nisbatan 180° burchak ostida o’rnatilgan. Yer haydalgandan keyin kesak va palaxsalarni maydalash uchun ishlatiladi. Diskli Boronalardan, asosan, chimli yerlarni yumshatish, zaranglashib qolgan shudgor va sho’ri yuvilgan yerlarga ishlov berish, yirik kesak va palaxsalarni maydalash uchun foydalanilgan. Ish organlari diametri 450, 510 va 660 millimetrli sferik, yassi va kesik disklardan iborat. To’qayzor, dala va boglarda ishlatiladigan xillari bo’ladi. Paxtachilikda diskli dala Boronalari ishlatiladi. Ularning diametri 450-510 millimetrli sferik disklari batareya tarzida yig’iladi. Shudgorlangan dalalarda kesak va palaxsalarni kuchirish, og’ir tuproqli tiudgorlarda katta-kichik kesaklarni maydalash, ko’klamgi ekishdan oldin yerga ishlov berish, kam chimli utloklarni yangilash va angizni yuza yumshatish uchun ishlatiladi. Og’ir va zarang yerlarga zarur ishlov berish uchun Boronaning ballast yashigiga qo’shimcha (250-350 kilogramm) yuk (masalan, qum) solib ishlanadi. Ad.: Nishonaliyev U., Qishloq xo’jaligi mashinalari, T., 1983.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz