Bo‘ron Ochilov




Bo‘ron Mo‘minovich Ochilov (1942—1998) — geliotexnika sohasida faoliyat yuritgan olim, ixtirochi, texnika fanlari doktori.

Taʼlimi va ish faoliyati



Bo‘ron Ochilov 1942-yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. U 1960-yilda Buxoro shahridagi 6-o‘rta maktabni oltin medal bilan bitirib, Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning Fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirgan. 1965-yilda institutni tugatib, umrining oxirigacha shu institutda assistent, dotsent, kafedra mudiri va fakultet dekani lavozimlarida mehnat qilgan.

Nomzodlik ishi



Bo‘ron Ochilov 1969—1970-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida taniqli geliofizik olim, akademik G‘iyos Yoqubovich Umarov rahbarligida aspiranturada shug‘ullandi va 1971-yilda „Parnik va qiya pog‘onali quyosh suv chuchutkichlarini tadqiq etish va ularni O‘zbekison cho‘l-yaylov suv ta’minoti tizimida qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganish“ mavzusida texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertatsiyani muvaffaqiyatli yoqladi.

Aslida, nisbatan kichik tajriba qurilmalarda olingan natijalar nomzodlik ishi himoyasi uchun yetarli bo‘lsa-da, u boshqa yo‘ldan bordi: 1970-yilda Buxorodan 360 km uzoqlikda joylashgan Qizilqum sahrosining „Boymurod-quduq“ aholi punktida umumiy sathi 700 kvadrat metr bo‘lgan, sutkasiga 5 tonnagacha toza ichimlik suvi hosil qilib bera oladigan ulkan quyosh suv chuchitkich qurilmasini yaratdi. Bu qurilma dunyoda mavjud bo‘lgan shu xil qurilmalardan o‘zining unumdorligi, ishlatish yo‘llarining oddiyligi bilan farq qiladi.

Mazkur qurilma geliotexnika sohasida buxorolik olimlarning ishlarini hatto amerikalik olimlarga ham manzur qildi. 1974-yilning sentyabrida Amerikaning katta bir ilmiy delegatsiyasi dunyoga mashhur geliofizik olim Lyof rahbarligida Moskva, Toshkent qatori Buxoroga ham tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari Bo‘ron Ochilov rahbarligida quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha Buxoroda o‘tkazilayotgan ilmiy tadqiqotlarning natijalarini yuqori baholadi.

Doktorlik ishi



Bo‘ron Ochilov pedagogik faoliyat olib borish bilan birga fan bilan shug‘ullanishni davom ettirdi. 1970-yilda bevosita o‘zi tashkil etgan ilmiy laboratoriya — geliopoligonda quyosh suv chuchitkichlarining bir necha yangi konstruksiyalari va geliomuzlatkichning original konstruksiyasini yaratib, tajribadan o‘tkazdi va xalq xo‘jaligida qo‘llashga moslashtirdi. 1982-yilda Qozon shahridagi D.I.Mendeleyev nomidagi Kimyo-texnologiya institutidagi ixtisoslashgan doktorlik ilmiy kengashida „Quyosh energiyasi yordamida ishlovchi past potensialli suv chuchutkich va muzlatkich qurilmalarini yaratish va tadqiq etish“ mavzusida texnika fanlari doktori ilmiy darajasi uchun dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qildi.

Ilmiy-pedagogik faoliyati



Bo‘ron Ochilov o‘zining qisqa hayoti davrida 3 ta monografiya chop ettirdi. 150 dan ortiq ilmiy maqolalarini xalqaro va respublika ilmiy jurnallarida e’lon qildi. 4 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorladi. U pedagogik faoliyatida erishgan muvaffaqiyatlari uchun Qori Niyoziy nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning bevosita rahbarligida O‘zbekistonning turli oliy o‘quv yurtlarida 10 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlandi. Bo‘ron Ochilov xorijlik ilmiy xodimlarga ham ilmiy rahbarlik qildi. Bolgariyalik Z.Georgiyeva, mongoliyalik Chimet Mangoljanovlar uning rahbarligida ishlab, fan nomzodlari ilmiy darajasini egallagan.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz