BORODIN SERGEY PETROVICH
BORODIN SERGEY PETROVICH [1902. 25.9 (8), Moskva—1974. 22.6, Toshkent) — rus yozuvchisi. O’zbekiston xalq yozuvchisi (1973). 1941 yilgacha Amir Sargijon taxallusi bilan ijod qilgan. V. Ya. Bryusov nomidagi adabiyot institutini tugatib (1926), xalq og’zaki ijodi bilan shug’ullangan. Buxoro, Samarqandga uyushtirilgan folklor-etnografiya ekspeditsiyalarida qatnashgan (1923— 26). 1950 yildan Toshkentda. “So’nggi Buxoro” (1931), “Misrlik” (1932) romanlari va “Usta Qushchi” hikoyalar to’plami (1934) O’rta Osiyo xalqlari hayotiga bag’ishlangan. “Samarqand osmonida yulduzlar” turkumidagi (1953— 73) asarlarida ham O’rta Osiyo xalqlarining 14-asr oxiri — 15-asr boshlaridagi hayoti aks ettirilgan. Biroq ularda ba’zi tarixiy shaxslar obrazi soxtalashtirilib, bir yoqlamalikka yo’l qo’yilgan. Tarixiy roman — “Dmitriy Donskoy” (1941) muallifi. Borodinning ayrim asarlari uzbek tilida nashr etilgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1968).
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz