BOROBUDUR
BOROBUDUR (Borobudur) — Yava oroli (Indoneziya) dagi Budda ibodatxonasi, me’moriy yodgorlik. 8-asr oxiri — 9-asr boshlarida tosh bo’laklari (andezit)dan tabiiy tepalikda 9 qatlamli, pog’onali ko’rinishda piramidalar (balandligi 31,5 metr, asosiy uzunligi 123 metr) dan hashamatli stupa qurilgan. Unda 504 Budda haykallari va 1460 bo’rtma tasvirlarda Budda hayoti aks ettirilgan. Qatlamlar shakliga ko’ra, 2 qismga bo’linadi. Quyi qismi qatlami 5 murabba tarxi, yuqori qismi qatlami 3 aylana tarhli. Qatlamlar peshayvonli qilib qurilgan. Borobudurga Sharqiy zinopoyadan chiqiladi. Har qatlamdagi peshayvonning kiraverishi chuqur ravoqli bo’lib, o’ymabo’rtma naqsh va tasvirlar (“kala— makara”) ishlangan. Yuqoriga zinapoyalar orqali ko’tariladi. Zinapoyalarning ikki tomonidan to Markaziy stupagacha toshdan sherlarning shakllari ishlangan. Peshayvonlarning devorlari va to’siqlaridagi toshlarga bo’rtma tasvirlar ishlangan (unda Buddaning boshdan kechirganlari hikoya qilingan). Yuqoridagi 3 aylana stupalari qo’ng’iroqcha shaklida bo’lib, ularning har biri ichiga Buddaning haykallari qo’yilgan. Tepasidagi bosh stupada esa juda katta Budda haykali bor. Borobudur o’rta asrlar Indoneziya san’atining nodir namunasi hisoblanadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz