Born to Be My Baby
„
Born to Be My Baby “ (tarjimasi „Mening yorim boʻlish uchun tugʻilgansan“) — AQShda tuzilgan „Bon Jovi“ rok guruhi ijro etgan qoʻshiq. Taronani guruh aʼzolari Jon Bon Jovi bilan Richie Sambora qoʻshiqnavis va produser Desmond Child bilan hamkorlikda yozgan. „Born to Be My Baby“ qoʻshigʻi 1988-yilning 24-noyabrida guruhning „New Jersey“ nomli toʻrtinchi studiyaviy albomining ikkinchi tregi oʻlaroq chiqarilgan. Qoʻshiq 1989-yil „Cash Box Top 100“ xit-paradida ikkinchi, „Billboard Hot 100“ xit-paradida uchinchi, „Mainstream Rock Tracks“ xit-paradida esa yettinchi pogʻonagacha koʻtarilgan. Shuningdek, qoʻshiq Buyuk Britaniya xit-paradida 22-, Avstraliya xit-paradida esa 30-pogʻonagacha koʻtarilgan.
„Born to Be My Baby“ qoʻshigʻi „Billboard Hot 100“ xit-paradida eng yuqori oʻntalikka kirgan „New Jersey“ albomining beshinchi tregi boʻlib, bu glem metal janridagi albom uchun rekorddir. Bu muvaffaqiyatga qaramay, „Bon Jovi“ guruhining 1994-yilda chiqarilgan eng sara qoʻshiqlar jamlangan „Cross Road“ terma albomiga tarona kiritilmagan. Lekin 2010-yilda „Greatest Hits“ albomidan oʻrin olgan. Shuningdek, guruhning „This Left Feels Right“ albomi uchun qoʻshiqning akustik versiyasi yozilgan.
Klipi
„Born to Be My Baby“ qoʻshigʻi uchun „New Jersey“ albomiga kiritilgan boshqa qoʻshiqlar kabi oq-qora klip suratga olingan. Kamtar byudjet bilan olingan klipda qoʻshiqni studiyada yozib olish jarayoni tasvirlangan. Klipda guruh aʼzolari naqoratdan qoniqmay, uni qaytadan yozib olishga kelishganini eshitish mumkin. Shuningdek, videoda guruh solisti Jon Bon Jovining bir umrlik rafiqasi Dorothea Hurleyni koʻrish mumkin.
Klip yakunida „Bon Jovi“ guruhi aʼzolari xursand boʻlib, bir-birini quchoqlayotganini koʻrish mumkin. Bu kadrlarda guruh aʼzolari „New Jersey“ albomi AQSh xit-paradida birinchi pogʻonaga chiqqanidan xabar topgan lahza muhrlangan.
„Born to Be My Baby“ qoʻshigʻi klipi 1989-yil „New Jersey: The Videos“ videokassetasiga kiritilgan. Shuningdek, klip 2010-yil eʼlon qilingan „Greatest Hits - The Ultimate Video Collection“ videtoʻplamida ham eʼlon qilingan.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org