Boris Shixmurodov
Boris Orazovich Shihmurodov (1949-yil 25-mayda tugʻilgan) — turkman siyosatchisi, 1995—2000-yillarda Turkmaniston tashqi ishlar vaziri boʻlgan. 2002-yilda prezident Saparmurod Niyozovga qarshi fitnada ishtirok etganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Qamoqdagi hayoti haqida kam maʼlumot mavjud boʻlib, tirik yoki tirik emasligi ham nomaʼlum.
Tarjimai holi
Yoshlik davri va diplomatik karyerasi
Shixmurodov Ashxobodda tugʻilgan. Onasining millati arman, otasiniki esa turkman. 1971-yildan boshlab Sovet Ittifoqining Pokiston va Hindistondagi elchixonalarida ishlagan. Turkmaniston mustaqillikka erishgach, 1992-yilda tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari, soʻngra tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari, ayni shu yili Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari boʻldi. 1995-yilda tashqi ishlar vaziri lavozimiga kirishib, ushbu lavozimda besh yil, 2000-yilga qadar ishladi. 2000-yil iyun oyida Kaspiy dengizi masalalari va Afgʻonistondagi vaziyatni yaxshilash boʻyicha maxsus elchi boʻldi. Mazkur lavozimda 2001-yilning martigacha, Turkmanistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchisi boʻlguniga qadar ishlagan. 2001-yilning noyabrida prezident Niyozovga muxolifat ekanligini eʼlon qilguniga qadar lavozimda qoldi.
Suiqasd rejasi
2002-yil 25-noyabrda Niyozovga qarshi suiqasd uyushtirilganda gumon qilingan Shixmurodov 2002-yil 25-dekabrda Ashxobodda (avval Rossiyada surgunda boʻlgan) hibsga olingan. Aytilishicha, fitna doirasida Niyozovning hayotiga suiqasd qilinishidan oldin Oʻzbekistondan Turkmanistonga kirgan. Reja muvaffaqiyatsizlikka uchragach, 26-noyabrdan 7-dekabrgacha Oʻzbekiston elchixonasida boshpana topgan. Shixmurodovning iqroriga koʻra, qoʻlga olinmaguncha doʻstining kvartirasida qolgan. Bu eʼtirof televizorda koʻrsatilgan. Unda Shixmurodov „Biz jinoiy guruhmiz, mafiyamiz. Oramizda birorta ham oddiy odam yoʻq. Biz hammamiz maxfiymiz. Men davlatni boshqarishga qodir odam emasman, aksincha, faqat davlatni yoʻq qila oladigan jinoyatchiman ... Rossiyada yashab, giyohvand moddalarni isteʼmol qilish bilan shugʻullanganmiz. Mast holda terrorchilik harakatini amalga oshirish uchun yollanma askarlarni jalb qilganmiz. Bizning vazifamiz Turkmanistondagi vaziyatni beqarorlashtirish, konstitutsiyaviy tuzumga putur yetkazish va prezidentga suiqasd qilish edi.“, degan soʻzlarni aytgan. Efirda Niyozovga juda yuqori baho bergan. Baʼzilar aybni tan oldirish uchun qiynoqlar qoʻllangan deb gumon ham qilishdi. 30-dekabr kuni Shixmurodov 25 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu mumkin boʻlgan maksimal jazo edi. Koʻp oʻtmay Xalq kengashi sotqinlarni umrbod qamoq jazosiga hukm qilish boʻyicha Jinoyat kodeksiga oʻzgartirish kiritgach, shunga koʻra Shixmurodovning jazo muddati oʻzgartirildi.
Shixmurodovning jiyani mayor Begench Beknazarov ham Niyozovning hayotiga suiqasd uyushtirish uchun aloqadorlikda ayblanib, qamalgan.
Qamoq joyi qayerda
2006-yil dekabr oyida Niyozovning oʻlimidan soʻng hokimiyatga kelgan Gurbanguli Berdimuhamedovdan 2007-yil sentyabr oyida Kolumbiya universitetiga tashrif chogʻida Shixmurodov va u bilan til biriktirganlikda gumon qilingan Botir Berdiyevning taqdiri haqida soʻralgan. Berdimuhamedov ular hali tirik deb hisoblashini aytdi. Shuningdek, oktyabr oyida mahbuslarni ozod qilish bilan nishonlanadigan Gadyr Gijesi („Kechirim kechasi“) haqida ham eslatib oʻtishi Shixmurodov ozod qilinishi mumkinligi haqidagi taxminlarga sabab boʻldi. Shu munosabat bilan 2007-yil 8-oktyabrda Shixmurodovning rafiqasi va jiyani ozodlikka chiqarildi, ammo Shixmurodovning oʻzi ozod qilinmadi.
2007-yildan buyon Shixmurodov haqida hech qanday maʼlumot yoʻq. U hamon qamoqda yoki qamoqda oʻlgan boʻlishi mumkin, deb taxmin qilinadi. Boshqa versiyaga koʻra, Shixmurodov 2003-yil aprelidan 2005-yil noyabrigacha boʻlgan oraliqda Turkmanboshidagi qamoqxonada yashirincha qatl etilgan.
2014-yilda BMTning Inson huquqlari qoʻmitasi Shixmurodovning yashash va adolatli sudlanish huquqlari buzilgan deb topdi.
Manbalar
uz.wikipedia.org