Boris Berliner
Boris Isayevich Berliner (1907-yil 2-mart Ashxobod viloyati — 1962-yil 13-sentabr Toshkent) — atoqli sovet olimi, travmatolog-shifokor. Pedagog. Tibbiyot fanlari doktori (1943). Professor (1944). Oʻzbekistonda travmatologiya, ortopediya va protezlash fanining asoschisi.
Tarjimai hol
Boris Berliner 1907-yil 2-martda Turkmaniston SSR (hozirgi Turkmaniston) Ashxobod viloyatidagi Baxarden stansiyasida tibbiyot xodimi oilasida dunyoga keladi. U rus-turkman maktabida, soʻngra Ashxoboddagi birinchi bosqich maktabida ta’lim olgan, shundan soʻng 1924-yilda Oʻrta Osiyo davlat universitetining tibbiyot fakultetiga ta’lim olishga yuborilgan. Universitetni tamomlagach, operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasiga prozektor yordamchisi lavozimida qoladi.
1935-yilda “Statik yassi oyoqlarning tarixiy rivojlanishi va unga qarshi kurashish choralari” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qildi. “U oʻz nomzodlik dissertasiyasida yassi oyoqning patologik anatomiyasi, turlari, tasnifi, yassi oyoqlikni aniqlash usullari, simptomatologiyasi va diagnostikasi, yassi oyoqlarni davolash va oldini olish masalalarini ochib berdi”.
1939-yilda Toshkent shahridagi Oʻrta Osiyo vrachlar malakasini oshirish institutining (ayni paytda qayta tashkil etilgan) ortopediya va travmatologiya kafedrasi dosenti etib saylangan.
1940-yilda Toshkent tibbiyot instituti rektori, Oʻzbekiston SSR Sogʻliqni saqlash xalq komissarligi hay’ati a’zosi etib tayinlanadi. Boris Berliner oʻz faoliyatining boshidanoq oʻzini butunlay fanga bagʻishlaydi. U boshchilik qilgan “Ortopediya va travmatologiya” kafedrasida ilmiy-tadqiqot, davolash, ta’limiy, jamoaning tashkiliy ishlarini hayotga tatbiq qilishga yoʻnaltirildi.
“ B.I.Berliner Oʻzbekistonda travmatologiya va ortopediya, shuningdek, protezlash sohasining asoschisidir, uning Toshkent protez zavodi Oʻzbekistonda filiallarini tashkil etish va ochishda katta xizmatlari bor”.
Manbalar
uz.wikipedia.org