Boris Berezovskiy
Boris Abramovich Berezovskiy (ruscha: Бори́с Абра́мович Березо́вский, 23-yanvar, 1946 – 23-mart, 2013) rossiyalik oligarx, hukumat mansabdori va sobiq matematik boʻlgan. Rossiya Fanlar Akademiyasi aʼzosi boʻlgan. Avvaliga Vladimir Putinni dastaklagan Berezovskiy 2000-yilgi saylovdan keyin prezidentga qarshi chiqa boshladi va umrining oxirigacha uni tanqid qildi. 2000-yil oxirida Rossiya Bosh prokurori oʻrinbosari Berezovskiyni soʻroqqa chaqirtirganidan keyin u xorijdan qaytib kelmay, Birlashgan Qirollikka koʻchdi va u yerda 2003-yili siyosiy boshpana oldi. Rossiyada u keyinchalik iqtisodiy jinoyatlari uchun sirtdan hukm qilindi (birinchi ayblovlar 1999-yili Yevgeniy Primakov hukumati ostida qoʻyilgan edi). Rossiya bir necha bor Britaniyadan Berezovskiyni ekstraditsiya qilishni soʻrab, rad javoblari oldi, natijada ikki mamlakat orasida diplomatik ziddiyat kuchaydi.
Berezovskiy Rossiyada 1990-yillarda oʻtkazilgan xususiylashtirish va „qaroqchi kapitalizm“ davrida katta boylik yigʻdi. U turli aktivlar, jumladan mamlakat bosh telekanali — Birinchi kanal ustidan nazorat oʻrnatib, daromad oldi. 1997-yili Forbes jaridasi Berezovskiy davlatini $3 milliard deb baholadi. U Boris Yeltsin yillarining oxirlarida Rossiya xavfsizlik kengashi ikkinchi kotibi, Yeltsinning nufuzli qizi Tatyana Dyachenkoga doʻst va Yeltsin oilasiga yaqin boʻlib, siyosiy martabasi choʻqqiga chiqdi. Berezovskiy Birlik partiyasini tuzishda moliyaviy yordam qildi, bu partiya Putinning parlament asosini shakllantirib, Berezovskiyga Dumada deputatlikni berdi. Biroq 2000-yil mart oyidagi prezidentlik saylovidan soʻng Berezovskiy muxolifatga oʻtib, Dumadan ketdi. Buyuk Britaniyagacha koʻchib ketgach, hukumat uning televideniye aktivlarini qaytarib oldi va u boshqa Rossiya holdinglaridan ham mahrum qoldi.
The Washington Post gazetasida 2000-yili yozgan maqolasida Berezovskiy kuchli fuqarolik jamiyati va oʻrta sinf yoʻqligida „demokratiyadan nafratlanuvchi va yoʻqotilgan oʻrinlarini qaytarish haqida orzu qiluvchi“ sobiq kommunistlarga posangi sifatida kapitalistlar Rossiyadagi „siyosiy jarayonga toʻgʻridan toʻgʻri aralashishi“ kerak boʻlishi mumkin, deb yozgan. Bu vaziyatni milliarder George Soros tanqid qilib, rus oligarxlarini 19-asr Amerikasidagi qaroqchi baronlarga qiyosladi va ularni Rossiyadagi islohotlar muvaffaqiyatsizligida aybladi. Muxbir Paul Klebnikov ham Berezovskiyni keskin tanqid qilib, uni oʻz maqola va kitoblarida turli jinoyatlarda ayblagan. Biroq bu ayblovlarning ayrimlari Birlashgan Qirollik mahkamalarida rad etilgan.
Britaniyadagi yangi uyidan Berezovskiy Ahmed Zakayev, Aleksandr Litvinenko hamda Aleksandr Goldfarb kabi rossiyalik oʻrtoqlari bilan „London doirasi“ tuzib, Putinni qonsiz inqilob orqali toʻntarishni maqsad qilib qoʻyganini oshkor etgan. U Rossiyadagi „kamsitilgan va kam himoyalangan jamiyat qatlami — mahbuslar, mayda millatlar va ishbilarmonlarni dastaklash“ maqsadida Xalqaro Fuqarolik Erkinliklari Jamgʻarmasini tuzib, Putinni tanqid qilish bilan shugʻullandi.
2012-yili Berezovskiy London Oliy Sudida Roman Abramovich bilan Sibneft egaligi xususida sudlashib, £3 milliard daʼvo qildi va yutqazdi. Sud Berezovskiyni „haqiqatni uning joriy maqsadlariga mos kerakli shaklga solinishi mumkin oʻtkinchi, turlanuvchi tushuncha, deb qarovchi“ va „baʼzan atayin qalbaki dalil keltirgan“ „mohiyatan ishonchsiz“ guvoh, deb topdi. Sud Berezovskiy hech qachon Sibneftga sherik boʻlmagan, deb qaror chiqardi.
2013-yil 23-martida Berezovskiyning Ascot qishlogʻidagi oʻz uyida jonsiz tanasi topildi. Uning oʻlimi Facebookda kuyovi va advokati Aleksandr Dobrovinskiy tomonidan eʼlon qilinib, Berezovskiy oʻz joniga qasd qilgan boʻlishi mumkin, deyildi.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org