Bo‘riboy Ahmedov (1924-2002)



Bo‘riboy Ahmedov (1924.12.8, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv qishlog‘i – 2002, Toshkent) — tarixchi, sharqshunos. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1995), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1989), tarix fanlari doktori (1974). O‘rta Osiyo universitetining sharq fakultetini bitirgan (1953).

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, ilmiy kotib, bo‘lim boshlig‘i (1960 — 90). 1991 yildan bosh ilmiy xodim. Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi raisi (1995 yildan). Ahmedovning ilmiy faoliyati o‘zbek xalqining etnik tarixi va shakllanishi, manbashunoslik, O‘rta Osiyo xalqlarining 10-19-asrlardagi ijtimoiy-siyosiy tarixi, Temur va temuriylar davri tarixi hamda madaniyati kabi muhim yo‘nalishlarga qaratilgan. Bir qancha qo‘llanma, lug‘atlar («Tarixdan qisqacha izohli lug‘at», 1977) muallifi.

Amir Temurning 660 yilligi (1996) munosabati bilan katta tashkiliy, ilmiy ishlar olib bordi. Amir Temurga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar (Parij, Samarqand, 1996)da qatnashib ma’ruzalar qildi. «Amir Temur» tarixiy romanini yozdi (1995). Bir kancha kitoblarga mas’ul muharrirlik qildi. Asarlari ingliz, frantsuz, rus va boshqa xorijiy tillarda bosilgan.

Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989). «Amir Temur» (1997), «Buyuk xizmatlari uchun» (1999) ordenlari bilan taqdirlangan.



Uzpedia.uz