BO’RI, QASHQIR



BO’RI, QASHQIR (Canis lupus) — itsimonlar oilasiga mansub yirtqich sut emizuvchi hayvon. Yevropa, Osiyo va shimoliy Amerikada tarqalgan. O’zbekistonning cho’l, dashtlari, o’rmon, to’qay, tog’va tog’ etaklarida tarqalgan; qor va muz bilan qoplangan baland tog’lar va tundrada ham yashaydi. Bo’ri qoyalar orasiga, to’qaylik va jarliklarga, quruq qamishzorlarga in quradi. Tulki inlaridan ham foydalanadi. Bo’ri inida bolalaydi va bolalarini parvarish qiladi. Chorvachilik rayonlarida podalardan uzoqqa ketmaydi. Bo’ri yanvar oyidan boshlab urchiydi. Urchish vaqtida erkaklari urg’ochisini talashib qattiq urishadi. Bo’ri monogam hayvon. Jufti uzoq muddat saqlanib qoladi. Homiladorlik davri 62— 65 kun. Yosh bo’ri 3-5 ta, Qarisi 6-8 ta, ba’zan 10-13 ta bola tug’adi. Bolasini 5-6 hafta emizadi. Bolasi 3 haftaligida inidan chiqa boshlaydi. Urg’ochisi emizikli davrida erkagi ovqat olib kelib turadi. Bolalari go’sht bilan oziqlanishga o’tgandan so’ng ona bo’ri ham o’lja tutib kela boshlaydi. Avgust oxiridan boshlab yosh bo’rilar har xil mayda kemiruvchilarni tutib yeya boshlaydi. Sentabrda kattalari bilan birgalashib, uy hayvonlarini va yovvoyi hayvonlarni ov qilishga o’rganadi. Noyabrga qadar 10-15 ta bo’ri gala bo’lib yuradi. O’lja topish qiyin bo’lib qolganda bitta yoki ikkitadan bo’lib, tarqalib ketadi. Erkagi 2 yoshida, urg’ochisi 2-3 yoshida voyaga yetadi. Bo’ri 15-16 yil yashaydi. Yilda ikki marta — bahor va kuzda tullaydi. Bo’ri kuchli, chidamli va chaqqon, hid bilish va eshitish organlari yaxshi rivojlangan hayvon. Go’sht bilan oziqlanadi, ba’zan olma, qovun, tarvuz kabi mevalarni ham yeydi. Asosan, uy hayvonlari va yovvoyi hayvonlar, quyon, yumronqoziq kabi kemiruvchilar, qushlar, hatto o’limtiklar bilan oziqlanadi. Bo’ri juda ochko’z va xo’ra, ikkitasi bitta qo’yni yeb qo’yishi mumkin. Podaga hujum qilganda ko’p qo’yni nobud qiladi. Bir nechta Bo’ri birgalikda yoki tuda bo’lib ov qiladi. Quturgan va ochiqqan bo’rilar odamga ham hujum qilishi mumkin. Bo’rining 12 ta kenja turi bor. O’rta Osiyoning cho’l, dasht va past tog’larida cho’l bo’risi (S. 1. campestris), Pomir tog’larida Tibet bo’risi (S. 1. laniger) kenja turlari yashaydi. Ba’zan qora Bo’ri ham uchraydi, uning terisi qimmatbaho hisoblanadi. O’zbekistonda cho’l bo’risi tarqalgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz