BO’RI
BO’RI — o’zbek xalq og’zaki ijodida totemik obraz. Qadimgi manbalardan yetib kelgan rivoyatlarda Bo’ri turk urug’i avlodining davomchisi sifatida ta’riflanadi. “Ona bo’ri” nomli afsonada tasvirlanishicha, qadimgi turklar go’yo dushman tomonidan qirilgan turk urug’i orasida tirik qolgan o’n yoshli o’g’il bola va ona Bo’ridan tarqalgan. “Bo’ri”, “Bo’ri qiz”, “Cho’loq bo’ri” kabi ertaklarda talqin etilgan totemik Bo’ri obrazi insonning xaloskori, uning himoyachisi sifatida tasvirlanadi. Keyinchalik totemik e’tiqodlarga ishonchning yo’qolishi tufayli ertaklarda (“Bo’ri bilan tulki”, “Och bo’ri”, “Qo’y bilan bo’ri”, “Bo’ri bilan ot” va boshqalar) paydo bo’lgan. Bo’ri yovuzlik, qonxo’rlik, zulm va zo’rlik, bosqinchilik timsoliga aylandi. Jahon, xususan o’zbek badiiy ijodida Bo’ri goh ijobiy, goh salbiy obraz sifatida namoyon bo’ladi, ramziy ma’no kasb etadi. Po’lkan shoirning “Yoldor bo’ri” dostoni, M. Avezovning “Ko’k yol”, Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” romanlarida Bo’ri ijobiy ma’noda tavsiflanadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz