BO’RDOQIGA BOQISH
BO’RDOQIGA BOQISH — qishloq xo’jalik hayvonlarini go’shti uchun boqib semirtirish, qisqa muddatlarda sifatli va eng ko’p mikdorda go’sht olishni ta’minlaydigan texnologik jarayon; qoramol, cho’chqa, qo’y, parrandalar, quyon va boshqa bo’rdoqiga boqiladi. Bo’rdoqiga boqishning iqtisodiy ko’rsatkichlari hayvon turi, zoti, jinsi, yoshi, sog’lig’i holati, boqim darajasi va ozuqa mukammalligiga bog’liq. Qoramolchilikda Bo’rdoqiga boqish usuli go’sht mahsulotiga qo’yiladigan talabga ko’ra tanlanadi. Barcha mamlakatlarda 6-8 oylik buzoqlarni 15-18 oy bo’rdoqiga boqish vazni 400-480 kilogrammga yetkazib yuqori sifatli mol go’shti olishda keng qo’llaniladigan va samarasi yuqori texnologiya hisoblanadi. Mollarga xo’jaliklarning o’zida tayyorlangan ozuqalar — silos, senaj, o’t, ildizmevalarni dag’al va aralash ozuqalarga qo’shib beriladi. Agar Bo’rdoqiga boqishda mol faqat silos bilan boqiladigan bo’lsa, sutkasiga 250-400 kilogramm vaznga 16-25 kilogramm, katta mollarga 30-35 kilogrammgacha silos beriladi. To’yimliligiga ko’ra ratsionda silos hissasi 60-65% ni tashkil yetishi mumkin. Proteinga bo’lgan ehtiyojni qondirish va ratsionning mukammalligini ta’minlash uchuno zuqaga mochevina va premikslar (biologik faol moddalar aralashmasi) qo’shiladi. Agar mol barda negizida boqiladigan bo’lsa, katta yoshdagi mollarga sutkasiga 80-90 litrgacha yangi barda yediriladi. Barda ratsion tarkibiga somon, pichan, aralashmalar, vitaminlar (A, D), tuz, bo’r yoki f-torsizlangan fosfatlar qo’shiladi. Paxtachilik rivojlangan mintaqalarda Bo’rdoqiga boqishda paxta shulxasi sutkasiga (4-7 kilogramm), shrot (2-3 kilogramm) dan foydalaniladi, makkajo’xori silosi, beda senaji, pichan, don, yem beriladi. Bo’rdoqiga boqishda sutkalik o’rtacha tirik vazn o’sishi 800-1200 grammga boradi. 1 kilogramm vazn o’sishini ta’minlash uchun 8-11 ozuqa birligi sarflanadi. Tabiiy va madaniy yaylovlar yetarli bo’lgan mintaqalarda Bo’rdoqiga boqishda yaylovlardan foydalanish mumkin. Qo’ychilikda go’shtjun yo’nalishdagi zotlarni Bo’rdoqiga boqish yaxshi samara beradi. Bo’rdoqiga boqish uchun ajratilgan 3— 3,5 oylik qo’zilar 7-9 oyligiga qadar boqilib, ularning vazni 45-50 kilogrammga yetkaziladi, go’sht chiqishi 44-46% ni tashkil etadi. Parrandachilikda broyler yetishtirish asosiy o’rinda turadi. 2-6 oylik jo’jalar 15-25 sutka boqiladi. 1 kilogramm vazn o’sishi uchun 6-9 ozuqa birligi sarflanadi. Asosiy ozuqa: mukammal aralash yem yoki aralash yem va turli aralashmalar. Cho’chqachilikda 15-16 kilogramm vazndagi 2,5 oylik cho’chqa bolalari 7-7,5 oy boqiladi (tirik vazni 100-110 kilogrammga yetadi). 1 kilogramm vazn o’sish uchun 4,5—5 ozuqa birligi sarflanadi. Bo’rdoqiga boqishni keng miqyosda tashkil etish mamlakatda go’sht yetishtirishni ko’paytirish imkoniyatini yaratadi. O’zbekistonda Bo’rdoqiga boqish ixtisoslashtirilgan xo’jaliklarda ilg’or texnologiyani qo’llagan holda sanoat usulida olib boriladi. Muboshir Musayev.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz