BORDO



BORDO — Frantsiyaning Janubi g’arbidagi shahar, Jironda departamentining ma’muriy markazi, Gien va gaskon tarixiy viloyatining bosh shaxri. Garonna daryosi bo’yida, Atlantika okeanining Biskay qo’ltig’i yaqinida. Aholisi 208 ming kishi (1990). Mamlakatning sanoat markazlaridan, transport yo’llari tuguni. Dengiz kemalari kira oladigan yirik port (yuk ortib tushirish yiliga 10 million tonna). Bordo orqali chetdan neft, ko’mir, fosfat, oziq-ovqat va boshqa mollar keltiriladi; chetga vinoaraq, neft mahsulotlari, yog’ochtaxta, gazmol chiqariladi. Neftni qayta ishlash, kemasozlik, aviasozlik, mashinasozlik, kimyo zavodlari, to’qimachilik, oziq-ovqat korxonalari bor. Bordoda ko’plab vino tayyorlanadi va sotiladi. Shaharda universitet (1441 yildan), bir qancha muzey va teatrlar bor. Frantsiyaning eng qadimgi shaharlaridan. Markaziy maydonlari 18-asrda qurilgan. Tarixiy binolardan sobor (12— 14-asrlar) va katta teatr (1773-80) saqlangan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz