BORBAD



BORBAD, Barbad, Pahlabod, Faxliz Marviy (taxminan 585, Niso — 628/38, Marv) — atoqli sozanda, xonanda, shoir va bastakor. Dastlab ijro va ijod sirlarini o’z otasidan o’rgangan, Marvga ko’chib, bu yerdagi mashhur ustozlarga shogird tushgan. Keyinchalik (618-28) Sosoniylar davlati shohi Xusrav [I Parviz saroyi (Ktesifon) da xizmat qilgan. Manbalarda Borbad ayniqsa turkumli (xususan, sosoniylar tomonidan davlat dini maqomiga ko’tarilgan zardushtiylik marosimlari bilan bog’liq bo’lgan), muayyan tizimdagi asarlarga mehr qo’yganligi ta’kidlanadi. Abu Nasr Forobiyning “Kitob ulmusiqoalkabir” (“Musiqahaqidakatta kitob”), Abu Abdulloh al Xorazmiyning “Mafotih alulum” (“Ilmlar kaliti”), Muhammad Nishopuriyning “Risolai dar ilmi musiqiy”, Abdulqodir Marog’iyning “Maqosid alalhon” (“Kuylarning kelib chiqish o’rni”) singari risolalarda Borbad yaratgan mashhur 7 qismli “Xusravoniy” turkumi, shuningdek “Doston” deya nomlangan kuy va qo’shiqlar ta’riflanadi, ijodiy jarayoni tahlil etiladi. Aljohiz (775-818), Abulfaraj Isfahoniy (897-967), Abumansur Sa’olibiy (961-1038) kabi mualliflarning ilmiy badiiy asar (har xil tazkira va majmua) lari Borbad ijodiga mansub 360 ta qo’shiq, 30 ta cholg’u kuylari hamda 7 ta “Xusravoniy” — Sharqda keng tarqalgan fazoviy tafakkur in’ikosi, ya’ni qamariy yilning 360, oyning 30 va haftaning 7 kunlari bilan bog’liq bo’lganligini ta’kidlaydi. Abulqosim Firdavsiy “Shohnoma” si, Nizomiy Ganjaviy “Xusrav va Shirin” i, Amir Xusrav Dehlaviy “Shirin va Xusrav”i, shuningdek keying davrlarga oid qator badiiy asarlarda Borbadning issiqnafas Hofiz, mohir sozanda, badihago’y bastakor ekanligi ifodalangan. Borbad O’rta Sharqda mumtoz musiqa san’atining ilk professional namoyanlasi darajasiga kutarilgan va aynan shu soha asoschisi sifatida tarixdan o’rin olgan. 1990 yil Dushanbada Borbad tavalludining 1400 yilligiga bag’ishlagan xalqaro musiqa anjumani bo’lib o’tdi, Borbad nomidagi xalqaro musiqa jamg’armasi tashkil etilgan, har 5 yilda Hofiz, sozanda va musiqashunoslarga beriladigan Borbad nomidagi mukofot ta’sis etilgan. Ad.: Firdavsiy, Shohnoma, III kitob. Hofiz Borbad qissasi (J. Jabborov tarjimasi). T., 1977; Borbad, epoxa i traditsii kulturi, (SB. statey), Dushanbe, 1989.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz